Xato qilishga haqqimiz yo‘q
Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida ma’naviy-ma’rifiy sohani isloh qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz «Agar kimdir, ma’naviyat masalasi – bu faqat Ma’naviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi», deya alohida ta’kidladi.
Haqiqatdan ham ma’naviyat – har birimizga daxldor muhim masala. Bu masalaga yetarlicha e’tibor bermasdan hech bir soha, jumladan, jurnalistikani ham rivojlantirib bo‘lmaydi.
Kezi kelganda aytish lozim, bugun mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarida olti ming nafarga yaqin ijodiy xodim faoliyat olib bormoqda. Ular katta kuch, boshqacha aytganda, katta «armiya». Jurnalist va blogerlar – ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lishi kerak. Ma’naviyatli bo‘lmasdan turib esa bu mas’uliyatli ishni amalga oshirishning iloji yo‘q. Shunday ekan, biz mazkur yo‘nalishdagi ishlarni avvalo har bir ommaviy axborot vositasi xodimi ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlarni kuchaytirishdan boshlashimiz zarur, deb hisoblayman.
Joriy yilning 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ana shu tarixiy yig‘ilishda ishtirok etar ekanman, shu payt xayolimga uyushmamiz qoshida ma’naviy-madaniy masalalar bo‘yicha kengash tashkil etish g‘oyasi keldi. Uyushma boshqaruvi a’zolari, ustozlar va jamoadoshlar bilan shu xususda fikrlashganimda ular bu g‘oyani har jihatdan qo‘llab-quvvatlashini bildirib, viloyat bo‘limlarimiz qoshida ham shunday kengash va ma’naviyat xonalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda OAVlari katta kuchga ega ekani, ularning to‘g‘ri axborot tarqatishi muhimligiga alohida urg‘u berildi. Bu bejiz emas. Bilasiz, tarqatilgan bitta noxolis axborot qancha ma’naviy zarar keltiradi. Shulardan kelib chiqqan holda biz noxolis ma’lumot tarqatish, sohamizga doir qonunlar, farmon va qarorlar, shuningdek, O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etika kodeksi qoida va talablari buzilish holatlarini oldini olish, berilgan so‘z va matbuot erkinligidan to‘g‘ri foydalanishga qaratilgan ishlarni jonlantirish bo‘yicha reja ishlab chiqmoqdamiz.
Ayni kunda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralarini yoritib borishga ko‘maklashish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha samarali ijod qilayotgan jurnalist va blogerlarni rag‘batlantirib borish, ularga tegishli taklif va tavsiyalar berish, faoliyatini tahlil qilish, birgalikda mediaturlar uyushtirish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilish bo‘yicha Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi mas’ullari bilan muzokaralar olib bormoqdamiz.
Ana shu ishlar doirasida yaqinda uyushmamizda kutubxona va o‘quv burchagini o‘z ichiga olgan ma’naviyat xonasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Ushbu ziyo maskanimizda turli adabiyotlardan tashqari, jurnalistika sohasi, o‘ziga xos maktab yaratilgan ustoz jurnalistlarimiz hayoti va faoliyati, qolaversa, hamkorlarimiz – xalqaro media tashkilotlar ish uslublariga oid qo‘llanmalar o‘rin olgan. Bundan tashqari, to‘rt tilda nashr etiladigan o‘ttiz nomdan ko‘proq markaziy gazeta va jurnallarimizning har bir soni taxlamlari hamda ularning elektron variantlari bilan tanishishingiz mumkin.
Xolmurod Salimov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi raisining o‘rinbosari