Xato qilishga haqqimiz yoʻq
Shayxontohur tumanidagi Beltepa mahallasi poytaxtimizdagi tinch va osuda maskanlardan hisoblanadi.
Inspektorning bir kuni
Shayxontohur tumanidagi Beltepa mahallasi poytaxtimizdagi tinch va osuda maskanlardan hisoblanadi.
Profilaktika inspektori, leytenant Sarvarbek Abdullayev bilan suhbatlashganimizda, jamiyat tinchligining asosi hamjihatlikda ekanligini yana bir bor anglab yetdik.
– Mahallamizdagi har bir fuqaro bilan doʻstona munosabatda boʻlishga harakat qilaman, – dedi S.Abdullayev.– Chunki, odamlar bilan kelishib ishlashda gap koʻp. Ertalabdan ishimni mahalla hududini koʻzdan kechirishdan boshlayman. Bugun ham faoliyat olib borayotgan doʻkon, sartaroshxona, apteka va novvoyxona kabi obyektlarga birma-bir kirib, sanitariya qoidalari boʻyicha tekshirish va tushuntirish ishlarini olib bordim. Xodimlar tomonidan shaxsiy himoya vositalaridan qanday foydalanayotganligi, binoga kirish joylarida antiseptik vositalar qoʻyilganligi hamda eshikdan kirish joylarida dezinfeksiyalangan toʻshamalar toʻshalganmi-yoʻqmi, bular alohida ahamiyatga ega. Doʻkonlar maʼmuriyati odamlar toʻplangan vaqtda oraliq masofa 2 metr boʻlishini taʼminlashga va binoni har ikki soatda shamollatishga qatʼiy amal qilmoqda.
Ammo, tinch va osuda joyda ham baʼzi bir kamchiliklar boʻladi. Tekshirish ishlarini bitirgach, xizmatxonamga kelganimda mahallada istiqomat qiluvchi fuqaro E.T.ning kechasi mast holda uyiga kelib toʻpolon qilgani, qoʻni-qoʻshnilarni haqorat qilib, tinchlik bermayotgani, bu borada qonuniy chora koʻrish haqidagi shikoyat-arizani oldim. E.T.ning ustidan oldin ham shunga oʻxshash shikoyatlar boʻlgan. Shikoyatga koʻra tuman maʼmuriy sudiga qonuniy chora koʻrish uchun hujjat rasmiylashtirildi. Soʻngra mahalla raisi va faollari ishtirokida E.T.ga boshqa ichmaslik va jamiyatda yurish-turish qoidalariga toʻliq rioya qilishi boʻyicha tushuntirish ishlarini oʻtkazdik.
Har kuni muammo, taklif, shikoyat arizalari boʻyicha hududlardagi tegishli xonadonlarga kirib oʻrganish ishlarini oʻtkazaman. Bugungi tekshirishlar jarayonida qoidabuzarliklar aniqlandi. Xususan, mahallamizda yashovchi A. giyohvand moddalar oldi-sotdisiga aralashib qolganligi uchun unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi belgilangandi. Mazkur fuqaroga nisbatan kechqurun soat 22:00dan ertalabki 6.00 gacha koʻchaga chiqmasligi, mabodo zarurat boʻlsa, uchastka nozirini ogohlantirishi lozimligi, spirtli ichimlik ichmaslik, koʻngilochar joylarda boʻlmaslik va shunga oʻxshash cheklovlar belgilangan. Fuqaroning unga nisbatan koʻrsatilgan maʼmuriy cheklovlarga rioya qilmaganligi aniqlandi. Jumladan, IIB xodimlaridan ruxsat soʻramasdan kechasi uyiga kelmaganligi, surishtirganimizda buvisi olamdan oʻtganligi, shu sabab cheklov qoidalarini buzganligi maʼlum boʻldi. Ushbu holat boʻyicha fuqaro A.ning ustidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 206- moddasiga asosan maʼmuriy nazorat qoidalarini buzish boʻyicha hujjatlar toʻplab, tuman maʼmuriy sudiga topshirdik. Sud tomonidan mazkur fuqaroga 223 ming soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Mahallamizdagi er-xotin S.D. va L.N. bir necha yillardan buyon bir-biri bilan chiqisholmaydi. Shikoyat-arizasiga koʻra, mahalla raisi va faollar bilan shu xonadonda ham boʻldik. L.N.ni 2 nafar farzandi bilan ikki xonali uyning bir xonasiga yashash uchun kiritib qoʻydik. Shundan soʻng, yana bir necha xonadonlarga kirib, muammolari bilan tanishdim. Ularga huquqiy maslahatlar berdim.
Mahallamizda eng odam gavjum boʻladigan koʻcha – Farobiy koʻchasi hisoblanadi. Ayniqsa, kechki payt. Kechqurun mazkur koʻchada fuqarolar oʻrtasida profilaktika ishlari bilan band boʻldim...
Ish vaqti tugab, uyga tomon yoʻl olarkanman, kun davomida boʻlib oʻtgan voqealar xayolimdan oʻtardi. Garchi koʻp emas, 4 yildirki, shu kasbda ishlarkanman, mening birinchi maqsadim Vatanim, yaqinlarim ishonchini oqlash, masʼuliyatli va sharafli kasbimni bajarish yoʻlida xatoga yoʻl qoʻymaslik boʻldi. Chunki biz huquqni himoya qiluvchilar yurt, jamiyat va inson taqdiri bilan daxldorlikda ishlaymiz. Xuddi shifokorlardek, bizning kasbimizda ham xatolar kechirilmaydi. Bu fikrni oʻzimga shior qilib olganman, desam ham boʻladi. Bolaligimdan forma kiyishni orzu qildim, shu kasbni sevdim va shunga intildim. Harakatlarim IIV akademiyasida tahsil olishimga turtki berdi. Bu mening ozruim tomon ilk qadam boʻldi. Bugun esa, kasb tanlashda xato qilmaganimdan xursandman.