O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni yurtimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulkiy huquqlarini muhofaza qilish hamda ularning daxlsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega tarixiy hujjat hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, fuqarolar endilikda yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqni rasmiylashtirish uchun sarson bo‘lmaydi. Mazkur qonunga asosan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga tegishli ma’lumotlar hamda hujjatlarni kelishish Kadastr agentligining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda. To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi viloyat adliya organlari tomonidan tekshirib chiqiladi. Ijobiy xulosa fuqarolarga esa belgilangan tartibda xalq deputatlari viloyat kengashlarining qarori bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari e’tirof etiladi.

– O‘tgan davr mobaynida mazkur qonunning ijrosini ta’minlash maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azamat Bafayev. –Jumladan, 24 ming 860 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, 16 ming 559 ta ob’ekt Yagona kadastr axborot tizimi – “UZKAD” platformasida ro‘yxatga olingan. Ob’ektlarning 10 ming 623 ta esa maxsus “E’tirof” axborot tizimiga yuklandi. Ushbu ob’ektlar yuzasidan huquqiy holatlar aniqlanib, tegishli bosqichlarga yo‘naltirildi.
Ayni paytda ob’ektlar yuzasidan huquqiy e’tirof va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari ham olib borilmoqda. Xatlov natijalari va ko‘rib chiqish bosqichlaridan so‘ng xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan 54 ta holatda fuqarolarning yer maydonlariga nisbatan ijara huquqlari, bino va inshootlariga nisbatan mulk huquqlari qonuniy ravishda e’tirof etildi.
Ushbu huquqlar asosida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, ular Davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu esa fuqarolarga o‘z mulki ustidan qonuniy egalik qilish imkoniyatini yaratadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.