Kadastr agentligi Toshkent viloyati boshqarmasida “Xatlov ishlari natijalari va aniqlanayotgan yerga oid huquqbuzarliklar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mas’ullar tomonidan OAV vakillariga joylarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi 2028 yilning 1 yanvariga qadar etib belgilangan. Huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha qonunda nazarda tutilgan asoslarda va tartibda faqat ijara huquqi, ushbu yer uchastkalarida qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi e’tirof etiladi.
Bunda ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun 99 yil, boshqa yer uchastkalari uchun 49 yil etib belgilanadi. Mazkur qonun ijrosining dastlabki bosqichi bu xatlov jarayonlari bo‘lib, bu boradagi ishlar davom etmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida jami mahallar soni 1 ming 25 tani tashkil etib, 2024-2025 yillarga 558 ta mahallani xatlovdan o‘tkazish rejalashtirilgan va bu jarayon uchun 200 dan ortiq kadastr muhandislari jalb qilingan.
– Bugungacha 50 ming 803 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan, 18 ming 871 ta ob’ekt “E’tirof” dasturiga kiritilgan, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarma boshlig‘i Jasur Ahrorov. – Eng ko‘p ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan hududlar Toshkent, Qibray, Zangiota tumanlari va Angren shahridir.
Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari bilan 44 nafar fuqaroning yakka tartibdagi uy-joylariga nisbatan egalik huquqlari e’tirof etilgan. Ular Bekobod, Bo‘stonliq, Ohangaron, Oqqo‘rg‘on, Piskent, Chinoz va O‘rta Chirchiq tumanlaridadir. Joylarda bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Matbuot anjumanida joriy yil boshidan beri jami 1 ming 913 holatda 78,6 gektarda huquqbuzarlik holatlari aniqlangani ta’kidlandi. Mutaxassislar tomonidan huquqbuzar shaxslarga yozma ko‘rsatmalar berilgan. Natijada 1 ming 87 ta holatda 21,4 gektar yer maydonidagi qonunbuzarlik holatlari joyining o‘zida bartaraf etildi. Shu bilan birga, 1 ming 626 ta holatda huquqbuzar shaxslarga nisbatan 37 milliard 52 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Tahlil natijalari joriy yilning 6 oyi davomida huquqbuzarliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga ortganini ko‘rsatmoqda. Bu holatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.
Matbuot anjumanida jurnalistlar mavzu yuzasidan mutaxassislarga bergan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.