Xasta yuraklar shifo topdi
Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlarni davolashga qaratilgan “Mehribon yurak” II xayriya aksiyasi yakunlandi.
Navoiy viloyatida yurak xastaligiga chalingan yoshlarni davolashga qaratilgan “Mehribon yurak” II xayriya aksiyasi yakunlandi.
Darhaqiqat, 2019-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, viloyat hokimligi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bilan hamkorlikda “Mehribon yurak” I xayriya aksiyasi oktyabr-noyabr oylari davomida oʻtkazilib 14 nafar bola sogʻlom hayotga qaytarilgan edi.
Joriy yilda ham viloyatning tuman va shaharlaridan yurak xastaligiga chalingan, bugungi kunda jarrohlik amaliyotiga muhtoj, nogironligi boʻlgan, kambagʻal oila farzandlarining roʻyxati shakllantirildi. Malakali shifokor, mutaxassislardan iborat komissiya tomonidan tekshiruvlardan oʻtkazildi.
Hamkor tashkilotlar, jonkuyar shifokor va homiylar koʻmagi bilan mazkur savobli ish davom ettirilgan holda “Mehribon yurak” II xayriya aksiyasi doirasida viloyatning Navoiy shahridan 4 nafar, Qiziltepa tumanidan 1 nafar, Nurota tumanidan 3 nafar, Navbahor tumanidan 1 nafar, Xatirchi tumanidan 1 nafar, Karmana tumanidan 1 nafar, 2 yoshdan 9 yoshgacha boʻlgan, jami 11 nafar bemor bolalarda bepul jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Mazkur loyiha doirasida bolalar va ularning ota-onalari baxtiyor koʻngillariga yana-da koʻtarinkilik ulashish maqsadida hamda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan aksiya doirasida bolajonlarni sogʻlom hayotga qaytarishda oʻzining beminnat hissasini qoʻshgan homiylar, jonkuyar shifokorlarni taqdirlash marosimi hamda farzandining sogʻayishini sabr-bardosh bilan kutgan ota-onalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
– Besh yoshli oʻgʻlim Shoxruxjon Oripov tugʻma yurak xastaligi bilan dunyoga kelgan, – deydi Shahribonu Neʼmatova. – Avvalo viloyat hokimimizga, yoshlar ittifoqiga, homiylar va jonkuyar shifokorlarga ming rahmat aytaman. Yaratganga shukr, mendek ona uchun dunyodagi eng aziz neʼmat – farzandimning sogʻligini qaytarib berdi. Shu davrgacha oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Endi farzandim toʻrt muchasi sogʻ tengdoshlari qatori unib-oʻsib, shu bagʻrikeng xalqimiz, yurtimiz uchun munosib xizmat qiladigan inson boʻlsin.
Sogʻlom hayotga qaytgan bolajonlar bilan uchrashuvda viloyat hokimi Qobul Tursunov ishtirok etdi. Oʻgʻil-qizlarning kelgusi hayotiga muvaffaqiyatlar tiladi.