Xarobaga aylanayotgan masjidlar
Samarqand – “Yer yuzining sayqali, sharqning gavhari” - degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan muazzam shahar.
Samarqand – “Yer yuzining sayqali, sharqning gavhari” - degan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan muazzam shahar. Albatta, qutlug‘ maskanga bejiz bunday ta’rif berilmagan. Chunki uning bag‘rida xalqimizning uzoq o‘tmishi, boy tarixi, ulkan ma’naviy xazinasi haqida guvohlik beruvchi va unsiz so‘zlovchi 490 ta madaniy meros ob’ektlari joylashgan.
So‘nggi yillarda ushbu ob’ektlardan asosan diqqatga sazovor joylar va muqaddas qadamjolarga alohida e’tibor qaratilib, ularda keng ko‘lamli ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi hamda bugun nihoyatda yaxshi holatda saqlanib kelinmoqda. Ammo, arxitektura yodgorliklarning ajralmas qismi bo‘lgan masjidlarga qaratilayotgan e’tiborni hamma joyda ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Madaniy meros ob’ektlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish va ularning holati bilan yaqindan tanishish maqsadida joylarda bo‘lgan O‘zMTDP viloyat kengashi ishchi guruhi o‘rganish davomida shunday xulosaga kelishdi.
Masalan, XIX asrda bunyod etilgan shahardagi Mulla Qalandar masjidi shu yerda yashovchi aholining mablag‘i hisobidan bir necha yil muqaddam ta’mirdan chiqarilgan. Ma’nan eskirgan eshik va derazalar zamonaviylari bilan almashtirilgan. Masjidning ustunlari, devorlari va shifti bo‘yalgan kishi e’tiborini tortadigan ko‘rinish kasb etgan. Namozxonlar uchun qisman bo‘lsa-da sharoitlar yaratilgan. Ammo bugun bu masjidda namoz o‘qilmaydi, undan mahalla ahli u-bu narsalarni saqlaydigan ombor sifatida foydalanib kelmoqda. Ushbu ob’ekt devorlarining poydevor qismi biroz zaxlagan. Bu holatni esa fuqarolar tabiat omillari ta’siri bilan izohlamoqda.
Samarqand shahar Abdurasulov ko‘chasida joylashgan XIX asrga tegishli bo‘lgan “Ko‘k masjid” majmuasi ham aholining va mutasaddi tashkilotlarning e’tiboridan ancha chetda qolgan. Natijada masjid ko‘rinishiga jiddiy putur yetib, ta’mirtalab holga kelib qolgan. Ustunlari va devorlari ancha yillardan buyon buyoq ko‘rmagan. Tom qismi va tarnovlari eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgani bois yomg‘ir, qor suvlari masjid devorlarini yuvib o‘tadi. Oqibatda uning devorlari zaxlab g‘ishtlarning joyidan ko‘chish holatlari kuzatilmoqda. Bugun namoz o‘qilmaydigan ushbu masjid ham ancha xarob ahvolda.
Samarqand shahri Shoxruh ko‘chasida joylashgan Yusuf Xarrot masjidi taxminan XIX asrning oxirlarida XX asrning boshlarida barpo etilgan bo‘lib, madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Afsuski, partiya ishchi guruhi ushbu ob’ektni o‘rganish uchun ko‘rsatilgan manzilga borganida vayronaning ustidan chiqdi. Masjiddan nom-nishon ham qolmagani har qanday kishini taajjubga solishi, tabiiy.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ushbu masjid devorlari yomg‘ir va qor suvlari ta’sirida yillar davomida nurab, yiqilib tushgan. Bugun bu yerda qurilish chiqindilaridan boshqa narsani uchratmaysiz. Hududning tozaligi, ozodaligi ham ushbu manzaraga mos. Holi xarob bunday masjidlarni ko‘rib, nima deyishni ham bilmaysan kishi.
So‘ngso‘z o‘rnida bitta haqiqatni aytishni lozim topdikki, mavjud madaniy yodgorliklarga bunday munosabatda bo‘lish aslo yaramaydi. Barcha davlat va jamoat tashkilotlari ularni asrab-avaylash, ta’mirlash va kelajak avlodga bus-butun yetkazishga mas’ul ekanligini unutmasliklari lozim. Zero, tarixga e’tiborsiz bo‘lish, kelajakka e’tiborsiz boqish bilan barobardir.
O‘zMTDP Samarqand viloyat kengashi
matbuot xizmati