Xaridorlar uchun imtiyoz
Respublika bo‘ylab fuqarolarning amalga oshirgan xaridlari va ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun sarflagan pul mablag‘ining 1 foizi ularning bank hisob kartasiga qaytarib o‘tkazilmoqda.
Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matrisali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga ularning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi Respublika byudjetidan qaytarilmoqda.


– Avtomobil sotib olganlik uchun, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, xarid cheklari bundan mustasno, – deydi Kogon shahar DSI boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Xusenov. – Xaridorlarimiz uchun yaratilgan ushbu imtiyozni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davlat soliq xizmati xodimlari tomonidan bozorlar, savdo komplekslarida, aholi gavjum joylarda tarqatma materiallar orqali targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiryapmiz.
Bundan tashqari, sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, shuningdek, identifikatsiya qilish vositalari bilan majburiy raqamli markirovka qilish nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida «Soliq hamkor» dasturi orqali soliq organlariga xabar bergan jismoniy shaxslarga huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanishi to‘g‘risida tadbirkorlik vakillariga tushuntirishlar berilmoqda. Ayni kunlarda bu kabi tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA