Xarid cheklaridan yutuqli o‘yin
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish, mazkur tizimlarda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda aholi faolligini oshirish maqsadida 2026-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi.
– Mazkur hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan chakana savdo, xizmat ko‘rsatish hamda umumiy ovqatlanish sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlarida amalga oshirilgan xarid cheklarini “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir jismoniy shaxs bevosita yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. Mobil ilovasida har bir jismoniy shaxsga ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklarining yutuqli o‘yinga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Botir Artikov.
Ta’kidlanganidek, xarid cheklari “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilganda, unga shakllantirilgan oy uchun o‘ynaladigan yutuqli o‘yinda qatnashish huquqini beradi. Yutuqli o‘yin har oyda Soliq qo‘mitasining mazkur mobil ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi.
Tanlov bir oy davomida ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklarining jamlanmasi doirasida o‘tkazilib, g‘oliblar inson omilisiz xarid tasodifiy tanlab olish asosida aniqlanadi. Yutuqli o‘yin platformasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida ochiq hamda shaffoflik prinsipi asosida taqdim etib boriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligi Komissiya bilan kelishgan holda, o‘yin g‘oliblariga qo‘shimcha sovrinlarni ham berishi mumkin. Har oyning 10-sanasida Komissiya tomonidan tanlov g‘oliblarini mukofotlash tadbirlari o‘tkazilib, ushbu jarayonlar hamda tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida va hududiy teleradiokanallarda jonli efirda uzatiladi.
G‘olib sifatida aniqlangan shaxslarga har oy yakuni bilan xarid summasining bir foizini qaytarib berishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri