Xarajatga yarasha harakat ham muhim!
Sifat, samara, natija — Davlatimiz rahbari qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, ana shu uchta tushunchaga diqqatini qaratadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki taraqqiyotning muhim omili va mezoni aynan shu bilandir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ana shu masalaga diqqat qaratildi.
Ichki resurslarga tayanib, industrial rivojlanish yo‘lidan borayotgan mamlakatimizda yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilib, 150 ming atrofida ish o‘rni yaratilayotgani, joriy yilda davlat investitsiya dasturlari asosida 21 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshirilishi, 37,5 milliard dollarlik xorijiy va hududiy investitsiya loyihalari nazarda tutilgani rost.
Demak ilm-fan, ta’lim, ishlab chiqarish va natijadorlik ham shunga mos bo‘lishi kerak. Lekin bu boradagi natijalar, yuqori malakali muhandislar hali yetarli emasligi ayon. Oliy o‘quv yurtlari bilan sanoat o‘rtasidagi uzilishlar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.
Bu boradagi muammolar nimadan iborat ekanini Prezident raqamlar bilan qayd etdi.
Yurtimizda texnika yo‘nalishidagi 36 ta davlat oliygohida yiliga 67 ming bitiruvchi chiqadi. Ammo ulardagi dastur va mutaxassisliklar ishlab chiqaruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda muhandislarning 60 foizi o‘zi o‘qigan yo‘nalishda ishlamayapti.
Shuningdek, Oliy ta’lim muassasalari fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklanib, amaliy ishlanmalar juda kamligi, muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar «qog‘oz»da qolib ketayotgani ham sir emas.
Prezident xorijiy universitetlarda «tannarx muhandisligi» «qiyoslash muhandisligi», «qayta muhandislik» kabi ixtisosliklar borligi, bizda esa yo‘qligi, mahalliy sanoat tarmoqlari katta mablag‘ sarflab, ishchilarini xorijda o‘qitishga yoki chetdan mutaxassis olib kelishga majburligini ham ro‘yi rost e’tirof etdi.
Xo‘sh, keyingi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 5 barobar oshgan bo‘lsa-da, yoshlarning muhandislik-texnikaga qiziqishi juda past ekan, buning boisi nima?
Talaba va magistrantning qiziqishi bilan qiziqmagan pedagogning ham qizig‘i yo‘q. Dastavval, o‘qituvchining o‘zida hafsala bo‘lsin. Ana o‘shandagina pedagog qiziqtira oladi, mutaxassislikka muhabbat uyg‘otadi. Tabiiyki, bu professor o‘qituvchilarning bilimi va kommunikativ kompetentligiga bog‘liq. Juda ko‘p ta’lim muassasalarida, talabalar orasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazildi.
Aksariyatining javobi shunday, "o‘qituvchimiz fanini biladi, bilimi bor, lekin shuni yetkaza olmaydi, qiziqarli tarzda aniq tushuntira olmaydi".
Tabiiyki, gap sifatli ta’limga, uning ta’sirchanligiga va samaradorligiga borib bog‘lanadi. Til taktikasi – taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan mexanizmi, sifatli ta’lim mezoni esa pedagogik mahoratda. Talabalarga motivatsion ruh berish, ularda sohaga muhabbat uyg‘otish masalasi faqat shunchaki bilim bilan emas, balki, pedagogik mahorat bilan bog‘liq.
Har qanday rektor pedagogik mahoratning muhim mezoni bo‘lgan kommunikativ kompetentlik, lingvistik kompetensiya, ritorik tajribaga ega bo‘lgan professor o‘qituvchilar jamoasini shakllantirmas ekan, harakat va natija o‘lda-jo‘lda, o‘zga qo‘lda qolib ketaveradi.
Bu esa Prezident ta’kidlaganidek, «Ko‘p professor-o‘qituvchilar amaliyotdan uzilib qoladi, rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmaydi, uskuna va dastgohlarni o‘rganmaydi.» Buning uchun faqat qiziqish va qiziqtirish orqali maqsadga erishiladi. Gyotening «Faust»ida «Nazariya quruqdir do‘stim, ammo yashnar hayot daraxti» degan hikmat keltiriladi. Bitiruvchilarning aksariyati o‘z sohasida ishlamasligi, kasbga muhabbati yo‘qligi ham ana shu bilan izohlanadi.
Oqibatda so‘nggi to‘rt yilda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy tadqiqot uchun tuzgan shartnomalari 3 karra ko‘paygani, daromad esa 6 karra oshgani, lekin ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish juda pastligi ham bevosita va bilvosita shunga borib bog‘lanadi. Afsuski, bizda faoliyatning ikki qanoti — tashabbuskorolik va tashkilotchilik yetarli emas. Hali ham yuqoridan keladigan topshiriq va ko‘rsatmani kutib yashaymiz. Ijro bor, ijod yo‘q. Ijro bo‘lganida ham yetarli darajada emas. Tan olish kerak, ijro va ijod uyg‘un bo‘lgan joydagina o‘sish, rivojlanish, ijobiy ko‘rsatkichlar bo‘ladi.
Ba’zi harakatlarimiz bir latifani yodga soladi. Afandi o‘g‘liga bir ishni buyurib, bir shapaloq tortib yuborarkan. Buni ko‘rgan qo‘shnisi «Nega yumush buyurib, uni yana urasan?" debdi.
Afandi esa: "Bu faqat aytganimni qiladi, shunda ham uzil-kesil emas. O‘zi bilib, aytmaganimni ham qilishni o‘rgansin-da, degan ekan.» Unday qilsam, bunday bo‘larmikan, bunday qilsam, unday bo‘larmikan» degan xavotir va hadik bilan yashash va ishlashga chek qo‘yish kerak.
Tashabbus yana Prezident tomonidan bo‘ldi: Texnika yo‘nalishida o‘qitish va ilmiy-tadqiqot jarayonlari ilg‘or tajriba asosida to‘liq o‘zgarishi, 36 ta oliy o‘quv yurti va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qolishi, dual ta’lim tizimiga to‘liq o‘tilishi, mehnat bozorida talab yo‘q mutaxassisliklar qisqarishi, ba’zi kafedralar birlashtirilishi, dekanatlarning talabalarga xizmat ko‘rsatish funksiyalari to‘liq raqamlashishi, «Registrator ofisi» tashkil qilinishi, har bir OTM rivojlangan hamkor davlatlarimizni nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yilishini bugungi jarayonning o‘zi yuzaga chiqardi.
Endilikda, ish Prezident tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash asnosida tashkilotchilikni yo‘lga qo‘yish, amalga oshirishdir.
Prezident tashabbusiga muvofiq «Tarmoq – korxona – oliygoh» zanjiri asosida, har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab berilishi ham shu boradagi dadil qadamdir.
Prezidentning mazkur mulohazasi barchamiz uchun tayanch, suyanch va quvonch baxsh etishi kerak.
«Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz», deya ta’kidlagandi davlatimiz rahbari.
Xarajatga yarasha harakatda bo‘lishimiz mas’uliyat hissi, majburiyat burchiga daxldor bo‘libgina qolmay, balki o‘z navbatida ta’lim tizimidagi sifat, samara hamda natijadorlikni ta’minlovchi muhim omildir.
Rahimboy JUMANIYOZOV,
professor.
O‘zA.