Xapkidochilarimizning oltin medallari
Xapkido bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Janubiy Koreyada o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda oltita oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Xapkido bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Janubiy Koreyada o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro turnirda oltita oltin medalni qo‘lga kiritdi.Shu munosabat bilan O‘zbekiston sharq yakkakurashlari va jang san’atlarini rivojlantirish markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda xapkido jadal ommalashayotgani, ushbu sport turi bo‘yicha mahoratli sportchilar yetishib chiqib, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgani ta’kidlandi.
O‘n beshdan ziyod davlat vakillari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro turnirda Ali Toshmatov, Bahrom Tojimatov, Abdulaziz Obidxo‘jayev, Kamron Karimiy, Kamol Rizayev, Dmitriy Pak kabi iqtidorli sportchilarimiz o‘z yosh toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Mamlakatimizda xapkido bilan mingdan ziyod o‘g‘il-qiz shug‘ullanadi, – deydi terma jamoamiz bosh murabbiyi Eduard Li. – Mazkur sport turi Toshkent shahri, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Namangan viloyatlari yoshlari o‘rtasida keng ommalashmoqda.
Tadbirda 2016-yilda o‘tkaziladigan nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi.