2 iyul kuni XXRning Xanchjou rassomlik akademiyasi badiiy muzeyida Xitoy va O‘zbekiston rassomlarining “Bir buyuk makon, bir farovon yo‘l” ko‘rgazmasi ochildi.
Tadbir Xanchjou rassomlari uyushmasi, Chjejiang xalqaro san’at almashinuvi uyushmasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etildi.

Ushbu ko‘rgazmada Fayzullo Ahmadaliyev, Baxtiyor Mahkamov, Akmal Nur, Farrux Ahmadaliyev, Dilshod Vahobov singari mohir rassomlarimiz, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyorlari - Bobur Vahobjonov, Jahongir Abdullayev, Umidjon Alimov, Mirvohid Mirsaidov, Shohruh Qosimov, Zuhriddin Qiyomov asarlari o‘rin oldi.

– Bugun Xanchjou shahrining ajoyib ko‘rgazmalar zalida betakror ko‘rgazma ochildi, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov. – Ushbu ko‘rgazmada o‘zbek va xitoy rassomlarining ishlari namoyish etilmoqda. O‘zbekistondan 29 ta kartina olib keldik. Juda ajoyib ko‘rgazma bo‘ldi. Ko‘rgazmaning “Bir buyuk makon, bir farovon yo‘l” shiori ostida o‘tkazilayotganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Sababi xalqlarimiz tarixan juda ko‘p umumiylikka ega. Buyuk ipak yo‘li davlatlarimizning hududlari orqali o‘tgan edi. Qachonlardir ajdodlarimiz aynan shu yo‘l orqali bizdan ko‘ra ko‘proq muloqot qilganlar. Bunday ko‘rgazmalar madaniy muloqot orqali bir-birimizni yaqinroq tanish imkonini beradi. Shu bois ikki davlat rahbarlarining olib borayotgan siyosati nainki iqtisodiy jabhalarda, balki ijtimoiy-gumanitar, madaniy ma’rifiy sohalarda, turli ijodiy dasturlar orqali ham xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Shu ma’noda mazkur ko‘rgazma ham o‘z vaqtida tashkil etilgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Shanxaydagi Bosh konsuli – A’zamjon Mansurov ham ishtirok etdi.
N.Usmonova,
O‘zA