Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligi oldidan
Shoir shunday ko‘pki, ularga yer tor,
Hammasi mashhur va hammasi nomdor,
Ulug‘vor, ularga yetmoq ko‘p dushvor,
Ammo ular oyga bosib yuzini
Turganda samoning bag‘riga ilk bor
Biz olib boramiz tuproq isini.
Bir kuni “Turkiston” gazetasining bosh muharriri Abduqodir Niyozov jurnalistlar o‘tirgan xonaga keldi-da, shoshilinch bir joyga yetib borishimiz zarurligini aytib qoldi.
– Yuring, bugungi kunning eng mashhur ijodkori, andijonlik shoir Muhammad Yusuf bilan gurunglashib kelamiz, – dedi.
Shu lahzada negadir beixtiyor taniqli shoir Muhammad Yusufning doimo men yoddan o‘qib yurishni xush ko‘radigan yuqoridagi ehtirosli va qaynoq satrlari yodimga tushdi.
...Ularning ikkalasi bitta viloyatdan, juda inoq, hatto do‘st ekanliklarini yaxshi bilar, suhbat bugungi adabiy jarayon haqida bo‘lishini sezib turardim. Chunki, Abduqodir Niyozov talantli ijodkorlarga xayrixoh edi. Hatto mashhur adib-u shoirlar – Shukur Xolmirzayev bilan Rauf Parfini “Turkiston” gazetasining bo‘lim mudiri sifatida rasmiylashtirganligidan ham xabarim bor edi. Bir tahririyatda faoliyat ko‘rsatayotganimiz tufayli Shukur Xolmirzayev bilan Abduqodir Niyozov uchovimiz Surxondaryo viloyatining bir qator shahar va qishloqlarini kezib chiqqan, kechasi-yu kunduzi gurungimiz mavzusi faqat adabiyot, badiiy asarlarning saviyasi, ijod haqida bo‘lgandi.
Bugun ham dastlab Yo‘ldosh Sulaymon birinchi o‘rinbosar, Muhammad Yusuf esa Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar ishlari bo‘yicha muovini bo‘lganligi sababli ikkovi bilan uyushmaning o‘zida ancha-muncha gurung qildik. Hazil-huzul avjiga chiqib, ikki-uch soat mobaynida chaqchaqlashib o‘tirdik.
Suhbat qizib ketganligidan tushlikka chiqish ham yodimizga kelmagan.
– Mana, uyushma yaqinrog‘iga borib shashlikxo‘rlik qilib qo‘ya qolamiz, – dedi Muhammad Yusuf qulochini keng yozib. – Ortiqcha dahmazalarning nima keragi bor? Mana shu joydagi oddiygina, ko‘rimsizgina bo‘lsayam o‘zimizning har kuni o‘rganib qolgan idoraga yaqin oshxonada tanovul qilib qo‘ya qolamiz.
O‘sha kungi gurungda yuqoridagi singari ko‘pdan ko‘p savollarga javob topa olganligimdan benihoya sevinib ketdim. Nihoyatda mazmunli kechgan bu suhbatda ardoqli shoirning o‘zi ham bir nechta she’rini yoddan o‘qidi.
Ko‘nglim gulday ezilib,
Ko‘zimga yosh to‘lyapti.
Eh, quyoshga osilib,
Botib ketgim kelyapti.
El sevgan ijodkor yuqoridagi satrlarni shunday ifodali o‘qidiki, beixtiyor ko‘zimdan yosh quyilib kela boshladi. Shoir she’rida muhrlangan adoqsiz iztirob, dard-u alamlar mening yuragimga nashtardek qadalayotgan edi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, Muhammad Yusuf she’rlarining ko‘pchiligi ancha yillardan beri respublikamizda tanilgan Yulduz Usmonova va boshqa xonandalar tomonidan mahorat bilan ijro etilayotir. Bu ham el sevgan ijodkor asarlarining targ‘ibotini yanada kuchaytirdi, shoirning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini yanada oshirib yubordi.
Muhammad Yusuf she’rlarida xalq og‘zaki ijodi an’analaridan foydalanish ustuvorlik qilganligini kuzatish mumkin. Eng muhimi, oddiy so‘zlar qo‘llanilgan bo‘lsa-da, asarning ohangdorligi oshganligi quvonarlidir. Shoirning ayrim she’rlarini o‘qisangiz, xuddi qo‘shiq eshitayotganday beixtiyor tebranib o‘tirasiz, musiqa sadolari yangrayotgandek bo‘ladi. Ko‘nglingiz yayrab ketadi. Aslida she’rni she’r qiladigan narsa nima? Bu – poetik obraz. Muhammad Yusuf buni yaxshi anglaydi va asarlarining har bir satri bayonchilikdan xoli, ohori to‘kilmagan simvollar asosida yaratiladi. Shuning uchun ham uning she’rlari xalqchil, hatto badiiy ijoddan xabarsiz dehqon ham tushunadigan tilda yozilganligi jihatidan diqqatga sazovordir.
Osmon cho‘kib qoldi bu oqshom,
Yulduz bo‘lib yog‘ildi bir sas.
Bir mahalla nigohni ko‘rdim:
Yashash kerak, sevish shart emas.
Shoirning tirikligidayoq o‘nlab ajoyib kitoblari nashr etilganligi qalblarimizni sevinch tuyg‘ulariga limmo-lim qiladi. ”Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Osmonimga olib ketaman”, “Yolg‘onchi yor”, “Uyqudagi qiz”, “Xalq bo‘l elim” singari bir qator to‘plamlari hamon she’riyat muxlislarining qo‘lidan tushmay kelayotir.
Bundan olti-yetti oy avval O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yo‘llanmasi bilan Andijon viloyatiga ijodiy safar qildim. O‘shanda viloyatdagi taniqli ijodkorlar Muqimjon Nurboyev hamda Abdurashid Ergashev hamrohligida Marhamat tumaniga yo‘l oldik.
Dastlab shoir Muhammad Yusuf dafn etilgan qabristonga kirdik. Qur’on tilovat qildik. So‘ng adib yashagan xonadonga bordik. U yerda Muhammad Yusufning ukasi bilan gurung qildik. Shoirning uy-muzeyini ko‘zdan kechirdik. Uning bolalik yillari kechgan hovli orastaligi, oddiyligi hayratimizni oshirdi. Hovli etagidagi bog‘lar el sevgan ijodkorga bitmas-tuganmas ilhom baxsh etgan bo‘lsa ne ajab!
Agar bugun Muhammad Yusuf hayot bo‘lganida yaqinda 70 yoshga to‘lar edi. Afsus bevaqt o‘lim shoirni 2001-yilda oramizdan olib ketdi. Ammo ulug‘ adib biz kitobxonlar uchun doimo barhayot. Chunki undan sermazmun xotiralar, ajoyib she’rlar, turli janrdagi badiiy yuksak asarlar qoldi.
Shoirning nomi abadiylashtirilgan. Marhamat tumanidagi hamda Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga adib nomi qo‘yilgan. Marhamatdagi san’at maktabi va Andijondagi bolalar kutubxonasiga ham shoir nomi berilganligi she’riyat muxlislarini quvontiradi. Badiiy ijod muhiblari har yili u tug‘ilgan kunni adabiyot bayrami sifatida nishonlaydilar, har xil tadbirlar, maktab-u o‘quv maskanlarida adabiy kechalar, shoir-u jurnalistlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazadilar.
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning nomi adabiyot muxlislari qalbidan abadiy joy olgan.
Jovli XUSHBOQOV, O‘zA muxbiri