O‘zbekiston Qahramoni, atoqli xalq shoiri Abdulla Oripov “Unutilmas Mutal akamiz” maqolasida xalqimizning bu muazzam qo‘shig‘i haqida shunday yozgan edi: “Madhiya – tirik hayot, jonli turmush.
U turli fikrdagi vatandoshlarni bir necha daqiqadayoq so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir”.
Darhaqiqat, madhiya – faxr, g‘ururimiz, iftixorimiz sanaladi. U millatni birlashtiruvchi, ko‘nglida Vatanga bo‘lgan his-tuyg‘ularni jo‘sh urdiruvchi ruhiy quvvat manbai ekani hammamizga ma’lum. Bugun O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganiga 28 yil to‘ldi.
O‘sha kunni yoshi ulug‘ ota-bobolarimiz yuragida hayajon bilan eslaydi. Bu erksizlik, huquqsizlik, kamsitish va tahqirlashlar ichra yashab kelgan xalqning 130 yil orziqib kutgan hayajoni ekanini bugun eslash o‘rinlidir.
Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi oliy darajadagi uchrashuvlarida, yurtimiz vakillari ishtirok etadigan xalqaro miqyosdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi nufuzli anjumanlar, sport musobaqalarida baralla yangramoqda. Shu asnoda, sportchilarimizning ko‘zida sevinch yoshi bilan jo‘r bo‘lib kuylayotgani milliy g‘ururimizni oshiradi.
Uning har bir satri o‘zgacha ma’no va mazmunni ochib bermoqda. “Serquyosh hur o‘lkam” deya yurtimizga berilayotgan go‘zal o‘xshatish yuragimizni to‘lqinllantiradi. Har bir tadbirimiz boshlanishida talabalar bilan birgalikda jo‘r bo‘lib aytganimizda, shunday go‘zal diyorning farzandi ekanmizdan yanada faxrlantiradi.
Shukrki, har kunni tinch va osoyishta makonimizda, mo‘’tabar, erksevar xalqimizning mangu ozodlik va obodlik qasidasi, tinchlik qo‘shig‘i atalmish madhiya kuyi bilan qarshi olayotganimiz bir mo‘’jiza. Qalb va tilimizda shukronalik so‘zlari ila, kelajakka qat’iy ishonch bilan ishga otlanib, Vatan uchun xizmat qilmoqlik bu – baxt. Bu baxtni qadrlash, ehtiyot qilish, asrab-avaylash ham shart, ham burchdir. Shu sababli bugun pandemiya hukm surayotganiga qaramay, yurtimizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining mazmun-mohiyatini tarannum etishga oid bayramona tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham bayram tadbirlari tashkil etildi.
Madhiyadagi “Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon” misralari yurtimiz 130 dan ortiq millat va elatni bir g‘oya ostida birlashtirganidan dalolat beradi. Bu muazzam sadolar azmu shijoatli xalqimizning ruhiga ruh, kuchiga kuch bag‘ishlab, yangidan-yangi ezgulik va bunyodkorlik ishlariga da’vat etishga chorlayveradi.
Bugun ko‘plab mamlakatlarda davlat madhiyasi aynan maktabdan boshlab o‘rgatiladi va kuylanadi. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasida har dushanba kuni soat 8:00 da o‘quvchilar stadionga davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimiga saf tortib, milliy madhiyani kuylashadi. Yurtimizdagi ta’lim muassasalarida ham darsni boshlashdan avval madhiyamizning o‘quvchi, talaba-yoshlar tomonidan kuylanishi joriy etildi. Bugun har kuni har bir ta’lim maskanida Vatanimiz madhiyasi baralla yangrayapti. Bu xalqning mangu qo‘shig‘i farzandlarimizda ona Vatanimizdan g‘ururlanish, uni sevish, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, bundan-da yuksak cho‘qqilarni zabt etishga undayveradi. Madhiya yangraganda, odam har qanday holatda so‘zdan, harakatdan to‘xtaydi. Shu tarzda unga hurmat bajo keltiriladi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi matni muallifi Abdulla Oripov “Tafakkur” jurnalida berilgan suhbatlaridan birida davlat madhiyasi haqida shunday deydi: “…madhiyaning janr sifatida o‘z qonun-qoidalari bor. U jumladan, lirik qo‘shiqlardan farq qiladi. Uning yuksak sururiga yillar mobaynida turli toifadagi, turli saviyadagi fuqarolar yakdil vatandoshlar sifatida ko‘nika boradilar. Madhiyalarning tarixi asli shundoq. Zero, davlat madhiyamizning ohangi musiqa asari sifatida jahon davlatlari madhiyalari orasida eng noyoblaridan biri hisoblanadi”.
Ha, shoirimiz aytganidek, qo‘limiz ko‘ksimizda ekan, Vatan, yurt uchun xizmat qilish zarur. Buning uchun esa yoshlarda Vatan tuyg‘usini yuksaltirishimiz kerak.
Bolalarga shunday o‘rgatingki, madhiyani kuylaganda O‘zbekiston tarixini ko‘z oldiga keltirsin. Mana shu yurt mening Vatanim degan tuyg‘ular yurak-yuragiga joylashsin. Har bir oilada madhiya ona allasi kabi yangrashi kerak. Ozodlik kunlariga yetisha olmagan ajdodlarimiz ruhi uchun ham bu kunni bayram qilish burchimiz, majburiyatimiz deb bilmog‘imiz shartdir.
Chindan ham, madhiya xalqni birlashtira oluvchi buyuk qudratdir. U har bir vatandoshning qalbini zabt etib, yuragidan kuylashga da’vat etaversin.
Munira QAHHOROVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i.