Xalqlar birdamligi va farovonligi yo‘lida
O‘zbekiston so‘nggi yillarda faoliyati tinchlik, xalqlar birdamligi va farovonligiga qaratilgan yirik xalqaro tuzilmalarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev har doim davlatimiz tashqi siyosati butun dunyoda, jumladan mintaqamizda mustahkam tinchlik, barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotni yuksaltirishga qaratilganini ta’kidlab kelgan. Zero, davlatlararo iqtisodiy hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, mustahkamlash zamirida mamlakatimiz iqtisodiy qudrati, xalqimiz farovonligini oshirishdek ezgu maqsad yotibdi. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) ham O‘zbekiston faol ishtirok etayotgan nufuzli xalqaro tuzilmalardan biridir.
Mazkur tashkilot isbatan yosh bo‘lishiga qaramay, xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega nufuzli tuzilmaga aylanib ulgurgan.
Tarixga nazar
1985 yil mintaqaviy davlatlararo tashkilot sifatida Tehronda tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1977 yil uch ta’sischi mamlakat – Eron, Turkiya va Pokiston tomonidan imzolangan “Izmir shartnomasi” Nizomiga asosan faoliyat ko‘rsatayotgan Mintaqaviy hamkorlik tashkiloti merosxo‘ri hisoblanadi.
1992 yilgacha IHT doirasidagi hamkorlik ikki tomonlama xususiyatga ega edi. Keyinchalik tashkilotning faoliyati sezilarli darajada faollashdi, safi o‘z ixtiyori bilan a’zo bo‘lgan davlatlar hisobiga kengaydi. Masalan, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgach, IHT a’zolari 10 taga yetdi. Binobarin, davlatlar o‘rtasidagi savdo miqdori ham shunga yarasha ortib, 2022 yil ma’lumotiga ko‘ra, 1 trillion dollardan oshdi.
So‘nggi paytda tashkilot Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda savdo-investitsiya faoliyatini takomillashtirish yo‘llarini muhokama qilish uchun platformaga aylangan. Bunga misol tariqasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan Erkin savdo bitimi (ECOTA) – tranzit savdo bo‘yicha kelishuv, Transport va tranzit kelishuvi (TTFA) kabi qator hujjatlar ishlab chiqilayotganini aytib o‘tish joiz.
IHT faoliyatining asosiy iqtisodiy va siyosiy parametri, 4-moddaga muvofiq, a’zo davlatlar rahbarlarining har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan sammitlarida belgilanadi.
IHT tuzilmasida bir necha asosiy organlar faoliyat yuritadi.
Tashqi ishlar vazirlari kengashi yoki vazirlar darajasidagi vakolatli vakillar asosiy maslahatchi va ijro etuvchi organ hisoblanib, yiliga kamida bir marta yig‘iladi.
Mintaqaviy rejalashtirish kengashidan o‘rin olgan a’zo mamlakatlarning turli davlat idoralari rahbarlari o‘z hukumati nomidan harakat qiladi. Mazkur organ Vazirlar kengashiga IHT oldida turgan vazifalarni hayotga joriy qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqadi va ko‘rib chiqishga taqdim etadi. Kengash a’zolari yiliga kamida bir marta to‘planadi.
Doimiy Vakillar kengashi esa siyosatni amalga oshirish uchun mas’ul doimiy organ hisoblanadi. IHT Kotibiyati huzurida doimiy vakillar/elchilar akkreditatsiya qilingan. Yig‘ilishlar oyiga kamida bir marta o‘tkaziladi.
- IHT Kotibiyati muvofiqlashtirishni ta’minlaydi va tashkilot faoliyatini nazorat qiladi. Shuningdek, tasdiqlangan faoliyat rejasiga muvofiq, turli tadbirlarda bevosita ishtirok etadi. Bosh qarorgohi Tehronda joylashgan tuzilmaga Bosh kotib rahbarlik qiladi. 2021 yil 13 avgustdan boshlab IHT Bosh kotibi – Xusrav Noziriy.
Kotibiyat mintaqaviy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini nazorat qiluvchi 6 ta ixtisoslashgan direksiyadan iborat: savdo va investitsiya, transport va aloqa, energetika, mineral resurslar va atrof-muhit, qishloq xo‘jaligi va sanoat, inson resurslari va barqaror rivojlanish, iqtisodiy tadqiqotlar va statistika.
IHT Kotibiyati tarkibida Giyohvand moddalar noqonuniy aylanishini nazorat qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi organ mavjud. Tashkilot kotibiyati va madaniyat bo‘limi ham Eronda joylashgan, iqtisodiy byuro Turkiyada, ilmiy byuro esa Pokistonda faoliyat yuritadi.
Tuzilma kelgusi o‘n yillikdagi faoliyatni belgilab beruvchi harakatlar strategiyasi ega. Savdo, transport va kommunikatsiya, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ijtimoiy ta’minot va atrof-muhit kabi muhim sohalar bo‘yicha dasturga ega.
Mazkur dasturni a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy taraqqiyot dvigateli, qolaversa, tashkilotga a’zo davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyasi uchun qulay vosita ham, deyish mumkin. Dasturda mintaqalararo tovar ayirboshlashni ikki barobar oshirish orqali jahon iqtisodiyotida munosib ulushga ega bo‘lishdek yuksak maqsad aks etgan.
Transport va kommunikatsiya
IHT dasturida hududiy tranzit transport infratuzilmasi takomillashtirilib, bojxona xizmati faoliyatini tashkil etish va infratuzilmani modernizatsiya qilishning yanada samarali mexanizmi birgalikda ishlab chiqilishi belgilab qo‘yilgan. Markaziy Osiyodan Janubiy va Janubi-g‘arbiy Osiyogacha cho‘zilgan IHT hududi tabiiy resurslarga, tarixiy va madaniy merosga boy mintaqa hisoblanadi. Hududdan qadimiy Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan. Bularning bari mintaqada dunyoning eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanish imkoniyati mavjudligidan dalolat beradi.
Mintaqada ijtimoiy barqarorlikning yana bir muhim omili oziq-ovqat xavfsizligi hisoblanadi. IHT mamlakatlari agrosanoat majmuasi mintaqa jami yalpi ichki mahsulotining 14,5 foizini tashkil etadi. Bu jarayonda faol aholining 40 foizi ishlaydi. Tuzilma doirasida agrosanoat kompleksini rivojlantirish maqsadida Mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligi dasturi ishlab chiqilgan.
Yana bir muhim vazifa energetika infratuzilmasini rivojlantirishdir. Energiya iste’moli tashkilotga a’zo mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi asnosida jadal o‘sib boryapti. Bu holat energiya resurslari va xizmatini samarali, adolatli va arzon narxda ta’minlashni taqozo qiladi. Shu munosabat bilan dasturda global Barqaror rivojlanish maqsadiga muvofiq, mintaqaviy energiya barqarorligini ta’minlash bo‘yicha umumiy sa’y-harakatni ishlab chiqish va birlashtirish zarurligi qayd etilgan.
Tashkilot sammitida har gal qilingan ishlar, erishilgan muvaffaqiyat ko‘rib chiqiladi, belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda duch kelayotgan muammolarga yechim izlanadi, kelgusi rejalar ishlab chiqilib, rejalar belgilanadi, muhim qarorlar qabul qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent sammiti ham IHT hayotida navbatdagi tarixiy voqea bo‘lishi shubhasiz.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA sharhlovchisi.