Xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov joylarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 6-oktabr kuni Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Andijon viloyati ulkan iqtisodiy salohiyati bilan mamlakatimiz taraqqiyotida alohida o‘ringa ega. Rivojlangan sanoat tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi, fidoyi insonlar mehnati barcha sohalarni izchil taraqqiy ettirishda muhim omil bo‘lmoqda. Viloyat markazi, shahar va qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, obod bo‘lib, aholining hayot darajasi yuksalib borayotir.
Zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, yangi korxonalar barpo etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish izchil davom ettirilmoqda. 2013-2015-yillarda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida shu yilning yanvar-sentabr oylarida umumiy qiymati 253 milliard so‘mlik 2 ming 815 loyiha amalga oshirildi va 24 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, bunday subyektlar eksport faoliyatiga jalb etilayotgani samarasida viloyatda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmi muttasil oshib bormoqda.
Joriy yilda viloyatda 80 ming gektardan oshiq maydonda g‘alla ekilib, 500 ming tonnaga yaqin hosil olindi. Bugungi kunda 93 ming 400 gektar maydonda yetishtirilgan paxta yig‘ib-terib olinmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov Oltinko‘l tumanidagi “Ko‘hna vodiy bahori” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, fermerlar, viloyat faollari bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun muhim bo‘lgan shu kunlarda sizlar bilan uchrashish, barchangizga kuch-quvvat tilash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Sobiq tuzum davrida O‘zbekiston butun ittifoqni paxta bilan ta’minlagan. Lekin shunga yarasha hurmat, ro‘shnolik ko‘rmagan. Xalqimiz ishdan qo‘li sovib, hayotdan noumid bo‘lib qolgan edi. Biz yerni odamlarga berib, ularda egalik hissini shakllantirish orqali bu asoratlardan xalos bo‘ldik. Chunki o‘zimizniki degan tuyg‘u odamga kuch-quvvat bag‘ishlaydi, dedi Yurtboshimiz.
Prezidentimiz paxtachilikda muayyan hudud iqlimi va tuproq sharoitiga mos serhosil, sifatli tola beradigan yangi navlarni yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Paxtaning xususiyatlari, sifat ko‘rsatkichlari juda ko‘p, dedi Islom Karimov. Ertapisharligi, hosildorligining yuqoriligi, tolasining uzunligi, pishiqligi shular jumlasidandir. Paxta yetishtirishda, avvalambor, nav tanlashda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Har bir hududning tuprog‘i va iqlimiga mos navlarni ekish kerak.
Fermerlar bilan muloqot chog‘ida odamlarning yashash tarzi, ongu tafakkuri o‘zgarayotgani, shahar va qishloqlarimiz kundan kun chiroy ochib borayotgani, bularning barchasi mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik sharofati ekani ta’kidlandi. Yoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayib, barcha sohalarda katta yutuqlarga erishayotgani xalqimiz qalbini g‘ururga to‘ldirayotgani alohida qayd etildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, barpo etilayotgan ko‘rkam uy-joylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar shaharu qishloqlarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib, xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Prezidentimiz Oltinko‘l tumani «Dalvarzin» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan zamonaviy uy-joy massivini borib ko‘rdi.
Bu yil viloyatning 31 qishloq massivida namunaviy loyihalar asosida 977 uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi massivlarda tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, ichki yo‘llar qurildi. Mahalla guzarlari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmualari bunyod etildi.
«Dalvarzin» mahalla fuqarolar yig‘inidagi massivda ham dehqon bozori, savdo majmuasi, non sexi, stadion, bolalar o‘yin maydonchasi va dam olish joylari qurildi.
Prezidentimiz yangi loyiha asosida uy-joy qurilishi uchun ajratilgan yer maydoni 6 sotix qilib belgilangani, avtomobil uchun alohida darvoza va uni saqlash uchun maxsus joy ko‘zda tutilgani, xonalar xalqimizning mentaliteti va turmush tarzidan kelib chiqqan holda joylashtirilgani, ular maydoni kengaygani odamlarimizning talab va istaklariga javob berishini qayd etdi.
Islom Karimov yangi uy sohiblaridan biri – Otabek Qobulov xonadonida bo‘lib, bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi, xonadon sohiblarining hayoti, orzu-istaklari bilan qiziqdi.
– Mamlakatimiz mustaqilligining 23-yilligi bayrami arafasida mana shunday zamonaviy, ko‘rkam uyga ko‘chib o‘tdik, – dedi xonadon sohibasi Nigoraxon Qobulova. – Bu yerda oila uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilgan. Bu ayniqsa biz, ayollarning og‘irini yengil qilishga qaratilgan. Bunday yuksak g‘amxo‘rlik, qishloq ahliga ko‘rsatayotgan doimiy e’tiboringiz uchun Sizdan juda minnatdormiz.
Bu sa’y-harakatlarimiz inson uchun, farzandlarimizning kelajagi uchun. Bunday uylarda yashagan bolalar har tomonlama sog‘lom, mustaqil fikrli bo‘lib voyaga yetadi. Chunki insonning yashash tarzi uning dunyoqarashiga ham ta’sir qiladi. Biz bir paytlar orzu qilganimizdek, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘ladi, dedi Yurtboshimiz.
Davlatimiz rahbari qishloq ahli hech kimdan kam bo‘lmay yashashga haqli ekanini va bu yo‘lda amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish hamda muntazam takomillashtirib borish lozimligini ta’kidladi.
Islom Karimov Andijon shahridagi Istiqlol ko‘chasi va bu yerda qad rostlagan zamonaviy binolar bilan tanishdi.
Amalga oshirilgan qurilish va rekonstruksiya ishlari natijasida ko‘cha so‘lim sayilgohga aylangan. Zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, favvora va o‘rindiqlar bunyod etilib, aholining hordiq chiqarishi uchun keng qulaylik yaratilgan.
Prezidentimiz ko‘cha qiyofasini yanada yaxshilash, binolarga bezak berishda ranglar mutanosibligini ta’minlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
Bularning barchasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasi bo‘lib, aholi farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.