Toshkentda “Xalqchil IPO” dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasi aksiyalarini ikkilamchi ommaviy joylashtirish (SPO) ga bag‘ishlangan “Road-show” taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston moliya bozorining asosiy vakillari ishtirok etgan ushbu taqdimotda O‘zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasi SPOning yakuniy parametrlari e’lon qilindi hamda joylashtirishda ishtirok etish bo‘yicha yo‘riqnomalar taqdim etildi.
“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hikmatullo Tillaboyev mazkur taqdimotning mazmun-mohiyati haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasining aksiyalari mamlakatimizdan eng yuqori talabdan foydalanadi va premium toifaga kiradi.
Bu bejizga emas, chunki birjaning so‘nggi bir necha yillar davomida yuqori o‘sish darajalarini, yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichlarni saqlab qolish va oshirish rejalashtirgan.
Bunga birinchi navbatda tasdiqlangan birjaning rivojlanish strategiyasini amalga oshirish orqali erishiladi.
Mazkur strategiyaga birjaning IT infratuzilmasini modernizatsiya qilish, amaldagi savdo tizimlarni takomillashtirish va yangi savdo vositalari va servislarni, shu jumladan, qarama-qarshi auksion rejimini joriy qilish kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasining shiori “Hamkorlikdagi yutuqlar poydevori!”. Bu nima degani? Birja barcha ishtirokchilar uchun qulay sharoitlar yaratib beradi va barcha ishtirokchilar manfaatdor bo‘lib teng foyda ko‘radi. Bir tomondan, sotuvchi auksion hisobiga qo‘shimcha daromad oladi, ikkinchi tomondan, tadbirkorlar savdolarda ishtirok etib tovarlarni erkin sotib oladi. Uchinchi tomondan, haqiqiy narxlar faqatgina talab va taklif asosida shaklanadi. Bundan barcha xabardor bo‘ladi, to‘rtinchidan esa birjada tuzilgan bitimlarning bajarilishi kafolatlanadi. Shu bilan birga, birjadan yashirin iqtisod va korrupsiya elementlari bartaraf etish vositasi sifatida ham foydalaniladi.
O‘ylaymizki, o‘tkazilgan bugungi road-shouda biz keng jamoatchilikka va birinchi navbatda, bo‘lajak aksiyadorlarga O‘zbekiston Respublikasi tovar xom-ashyo birjasi faoliyati haqida yanada ko‘proq ma’lumot berishga musharraf bo‘ldik.
Tadbirda O‘zbekiston moliya bozorining asosiy vakillari, jumladan, investitsiya kompaniyalari, banklar, sug‘urta tashkilotlari rahbarlari va “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarini xarid qilishdan manfaatdor bo‘lgan investorlar ishtirok etdi.
“Road-show” davomida “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ boshqaruvi raisi Ziyoviddin Badriddinov o‘z ma’ruzasida birjaning so‘nggi yillardagi rivojlanish dinamikasi va kompaniyaning o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi haqida ma’lumot taqdim etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi yaratilgan infratuzilma va savdo hajmi bo‘yicha MDH tovar birjalari orasida ishonchli tarzda birinchi o‘rinni egallaydi. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 14 milliard AQSH dollarini tashkil etdi va bu O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 15 foiziga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi har yili yuqori moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishib kelmoqda, bu esa kompaniya faoliyatining barqarorligi va samaradorligidan dalolat beradi. Xususan, 2023 yil yakuni bo‘yicha birjaning sof foydasi 229,2 milliard so‘mni tashkil etib, 2018 yilning shu ko‘rsatkichidan 8,7 barobar ko‘pdir. Birjaning sof foydasi 2024 yil yakuni bo‘yicha 321 milliard so‘m miqdorida kutilmoqda.
Birja dividendlar to‘lash bo‘yicha ham O‘zbekistonda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Oxirgi 10 yil davomida to‘langan dividendlar miqdori barqaror o‘sishni ko‘rsatdi va 2023 yilda har bir aksiya uchun 2600 so‘mni tashkil etib, aksiya nominal qiymatining 412,7 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, so‘nggi to‘rt yil davomida birja yillik sof foydasining 85 foizdan ortig‘ini dividendlar to‘lashga yo‘naltirdi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish siyosatining amalga oshirilishi tufayli UZEX birjasi aksiyadorlar tarkibida xorijiy investorlarning ulushi 3,5 foizgacha oshdi va barqaror o‘sishda davom etmoqda.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi 2024 yil oxirigacha ustav fondini o‘z kapitali hisobidan 236 milliard so‘mga yetkazishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, qo‘shimcha chiqariladigan aksiyalar barcha aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlanishi rejalashtirilgan.
Aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishda manfaatlar muvozanatidan kelib chiqqan holda, shuningdek, yangi investorlarning ishtiroki kafolatlarini ta’minlash maqsadida «O‘zRTXB» AJ “Xalqchil IPO” (SPO)ni o‘tkazish va ustav kapitalini ko‘paytirish bo‘yicha shaffof mexanizmni qo‘llash ishlarini amalga oshiradi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.