Xalqaro yoshlar kuni keng nishonlandi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi “Central Park” istirohat bog‘ida Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan BMTning mamlakatimizdagi agentliklari, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi, Volontyorlar assotsiatsiyasi hamkorligida bayram tadbiri tashkil etildi.
200 dan ziyod o‘g‘il-qiz ishtirok etgan tadbirda o‘quv va interaktiv kvestlar, teatrlashgan tomoshalar, turli fleshmoblar, konsert dasturi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan va Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan videoroliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Shuningdek, bayramda ishtirokchilar gender tenglik, ta’lim, reproduktiv salomatlik, ruhiy salomatlik, bandlik, ekologiya, qishloq xo‘jaligi biznesi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat darslari, infosessiya va amaliy seminarlarda ishtirok etdi.
Yoshlar BMT agentliklarining yurtimizda amalga oshirayotgan loyiha va dasturlari doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan batafsil tanishib, bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Axborot sessiyasida Xalqaro mehnat tashkilotining “2022 yilda yoshlar bandligining global tendensiyalari” yangi hisoboti taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Davron ERNAZAROV