Xalqaro Yer kuni — sayoramiz va tabiatni asrashga muhim chaqiriqdir
Yer sayyorasi qariyb 4,5 milliard yillik tarixga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning 29 foizi quruqlik, qolgan qismi esa dengiz va okeanlardan iborat. Atigi 11 foiz yer maydoni insoniyat uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarining 88 foizini yetishtirib beradi. Bu esa Yerning, tabiat resurslarining naqadar muhim va bebaho ekanini ko‘rsatadi.
Insoniyatning yagon uyi bo‘lgan Yer sayyorasini borligicha asrab-avaylash, uning mavjud imkoniyatlaridan tabiatga zarar yetkazmagan holda samarali foydalanish dolzarb ahamiyatga ega. Shu ma’noda 22-aprel sanasi Xalqaro Yer kuni sifatida nishonlanishi sayyoraga g‘amxo‘rlik qilishda insoniyatni birlashishga, mas’uliyat bilan yondashishga chaqiradigan muhim ekologik sana ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Xalqaro Yer kuni ilk bor 1970-yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan. 2009-yilda esa BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida ellikdan ortiq davlatlar tomonidan ma’qullangan. Bugungi kunda ushbu sana yuzlab davlatlarda millionlab insonlarni birlashtiradigan ekologik harakatga aylangan. Ushbu kun inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni saqlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor eslatadi.
Zamonaviy dunyoda ekologik tahdid va muammolar tobora jiddiy tus olayotgani barchamizga ayon. Iqlim o‘zgarishi, havo va suvning ifloslanishi, o‘rmonlarning kesilishi, hayvonot va o‘simlik turlarining yo‘qolib borishi, bioxilma-xillikning kamayishi kabi masalalar butun insoniyat kelajagiga, Yer sayoramizga tahdid solmoqda. Shu sababli Xalqaro Yer kuni nafaqat bayram, balki har bir insonni mas’uliyatli bo‘lishga chorlovchi, ekologiya, atrof-muhit va tabiatni borligicha asrashga undovchi muhim kundir.
Bu sana munosabati bilan turli mamlakatlarda daraxt ekish aksiyalari, hasharlar, ma’rifiy tadbirlar va ekologik loyihalar tashkil etiladi. Bunday tashabbuslar odamlarni tabiatga nisbatan ehtiyotkor bo‘lishga, uni asrash va himoya qilishga undaydi.
Darhaqiqat, har bir inson tabiatni muhofaza qilishda o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Buning uchun kundalik turmushimizda duch keladiganimiz oddiygina chiqindilarni to‘g‘ri ajratish, belgilangan joyga tashlash, plastik mahsulotlardan kamroq foydalanish, suv va elektr energiyasini tejash, umuman, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabilarga mas’uliyat bilan qaramog‘imiz lozim. Shuningdek, daraxt ekish, atrofni tozalash aksiyalarida ishtirok etish, ekologik madaniyatimizni oshirib borish va atrofimizdagilarni ham shunga undash muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Bu yo‘nalishda mamlakatimizda ham izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalari quvvatini 25 GVtga yetkazish, yiliga 64 milliard kVt soat yashil energiya ishlab chiqarish va uning ulushini 50 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chat va daraxtlar yerga qadalmoqda. Yurtimizning yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsadi yo‘lida yashil hududlarni kengaytirish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Barqaror yashil kelajak, sayyoramizning o‘z holicha saqlanishi har bir inson uchun, hayot davomiyligi uchun dolzarb ahamiyatga ega. Buning uchun esa har birimiz mas’ulmiz. Yerni asrash, tabiiy rusurslardan oqilona foydalanish, tabiatga zarar yetkazmaslik, kelajak avlodlar uchun yashil va xavfsiz muhit yaratish hammamizning burchimizdir. Xalqaro Yer kuni esa shu hayotiy haqiqatni anglash va amaliy qadamlar qo‘yish uchun muhim chaqiriq, elatmadir.
Muhtarama Komilova, O‘zA