Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, inson huquqlari, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratib kelmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston – bozor iqtisodiyoti sanoatlashgan davlatga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bunda Koreya Respublikasi o‘zining beg‘araz yordam loyihalari, ilmiy sohada tajriba almashishlar bo‘yicha qo‘shma dasturlari, investitsiyalari bilan faol ishtirok etayotganini e’tirof etish zarur.
Shunday loyihalardan biri – KOICAning global ta’lim dasturi bo‘yicha “Ona mamlakat ertaklari” shiori ostida o‘tkazilgan kitoblar taqdimoti bo‘ldi.

Xalqaro volontyorlar kuni munosabati bilan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi Maktabgacha ta’lim vazirligiga sakkizta o‘zbek-rus va sakkizta o‘zbek-koreys tillarida chop etilgan jami 70 ta kitob jamlanmalarini yetkazib berdi. Sakkiz mamlakatning xalq ertaklaridan iborat bo‘lgan mazkur kitoblarni topshirish marosimi Toshkentdagi 484-sonli maktabgacha ta’lim muasassasida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda muasassa vakillari mehmonlarni u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi, shundan so‘ng o‘g‘il-qizlar tomonidan qiziqarli sahna ko‘rinishlari va turli xil raqslar ijro etildi. Shuningdek, marosimning rasmiy qismida KOICA bilan vazirlik o‘rtasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etildiki, ushbu qiziqarli ertak kitoblar Koreyadan turli davlatlarga volontyor sifatida faoliyat olib borgan, ammo pandemiya tufayli o‘z mamlakatiga qaytishga majbur bo‘lgan, qolaversa, Koreyadagi turli millat vakillari bilan hamkorlikda yaratilgan, o‘sha mamlakatdagi ayollar tomonidan yozilgan.
– Koreya va O‘zbekiston o‘rtasida maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda qator loyihalar ishlab chiqilgan va ularning ustida ish olib borilmoqda, – dedi KOICAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin. – Ta’kidlayman, ikki yildan so‘ng loyiha doirasida yangi markaz tashkil qilinadi, o‘shanda muasassa tarbiyachilari hamda ota-onalar farzandi bilan markazga tashrif buyurishi mumkin bo‘ladi. Bugun bu yerdagi bolajonlarni ko‘rib, yanada qattiqroq ishlashimiz kerakligini tushundim.

Vakolatxona rahbari, shuningdek, uch tilda nashr qilingan kitoblar haqida fikr bildirdi. U mazkur ertak yozmalarini chop ettirish va hayotga tatbiq qilish ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning ijobiy o‘zgarishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
“Mazkur kitoblar orqali turli mamlakat an’analari, madaniyati va milliy qadiryatlarini o‘rganish mumkin, bu ruhiy tarbiyamizga yaxshi ta’sir qiladi”, deya qo‘shimcha qildi Park Sunjin.

Koreya tashkiloti Xalq ta’limi vazirligiga ham xuddi shu turdagi jami 90 ta jamlanmadan iborat kitoblarni beg‘araz taqdim qildi. Navbatdagi tadbir Toshkentdagi 77-sonli Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘tkazildi, shu o‘rinda, ko‘zida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar uchun “Brayl” alifbosida chop etilgan kitoblar ham keltirildi.

Avvalroq, xalqaro volontyorlar kuni munosabati bilan KOICA tomonidan maktab-internati o‘quvchilariga sport inventarlari ham taqdim etilgan edi. Shu bois, maktabda o‘sha kunning o‘zida 6-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Internetdan to‘g‘ri foydalanish” mavzusida tarbiyaviy soat bo‘lib o‘tgan.

– Respublikamizda 86 ta imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari bor, ularda 21 ming 930 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz tomonidan qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, yaqinda “Zamin” xalqaro xayriya jamoat fondi homiyligida kar va zaif eshituvchi o‘quvchilar tahsil olayotgan o‘nta maktabga 4 mingta eshitish moslamalari beg‘araz yetkazib berildi, – dedi Xalq ta’limi vazirligi bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bosh mutaxassisi To‘rayev Ro‘zibek.

– Shular qatorida KOICA ijtimoiy loyihalar doirasida imkoniyati cheklangan o‘quvchilar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga badiiy adabiyotlar taqdim etdi. Iyun oyida vazirlik Koreya tashkiloti bilan hamkorlikda mehribonlik uylari va bolalar shaharchasidagi o‘quvchilarni ham kitoblar to‘plami bilan ta’minlagan edi. O‘ylaymanki, ushbu kitoblar bolalarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishi va ularning ehtiyojini qondirishda muhim rol o‘ynaydi. Qolaversa, respublikamizdagi barcha ixtisoslashtirilgan maktablarga badiiy kitoblar to‘plamini yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.

Ma’lumot o‘rnida, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) 1991 yilda davlat muassasasi sifatida tashkil etilgan bo‘lib, Koreya Respublikasi hukumatining grant yordam dasturlarini taqdim etishga ko‘maklashadi. Tashkilot qashshoqlikka qarshi kurash va sherik mamlakatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shadi. KOICA mamlakatimiz rivoji uchun qator sohalarda faoliyat yuritayotganini alohida e’tirof etamiz.

Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri