Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro turnir yakunlandi
Toshkentda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tezkor shaxmat bo‘yicha jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnir yakunlandi.
Toshkentda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tezkor shaxmat bo‘yicha jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnir yakunlandi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi va mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Rustam Qosimjonov, Shahriyor Mamedyarov (Ozarbayjon), Boris Gelfand (Isroil), Ruslan Ponomaryov (Ukraina) singari mahoratli shaxmatchilar aylanma tizimda g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.
Musobaqa doirasida taniqli grossmeysterlar tomonidan yosh shaxmatchilarga mahorat saboqlari o‘tkazildi.
– Amir Temur tavalludining 680-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro turnir yuqori saviyada tashkil etilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etamiz, – dedi Shahriyor Mamedyarov. – O‘zbekistonda yoshlar kamolotiga katta e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Mahorat saboqlari davomida yosh shaxmatchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini ko‘rib xursand bo‘ldik. Ular kelgusida ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonamiz.
Jahon shaxmat yulduzlari o‘rtasidagi xalqaro turnirning yakuniga ko‘ra, Shahriyor Mamedyarov 8 ochko bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Boris Gelfand 6 ochko bilan ikkinchi, Rustam Qosimjonov 5 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.