Xalqaro turnir yakunlandi
Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida o‘smirlar o‘rtasida xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida o‘smirlar o‘rtasida xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi va Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan tashkil etilgan turnirda o‘ndan ziyod davlatdan kelgan tennischilar yakkalik va juftlik bahslarida kuch sinashdi.
Yakkalik uchrashuvlarida tennischimiz Jo‘rabek Karimov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
– Biz, yoshlar erishayotgan bunday yuksak marralar davlatimiz rahbari tomonidan sportning barcha turlarini izchil rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasidir, – deydi J.Karimov. – Orzuim “Katta dubulg‘a” musobaqalarida va Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdir.
Juftliklar o‘rtasida tennischilarimiz Sharobiddin Abzalov va Humoyun Sultonov birinchi davrada belaruslik Aleksandr Leonenka va Aleksandr Zgirovskiy, chorak finalda hindistonlik Adil Kalyanpur va fransiyalik Klement Tabur, yarim finalda Buyuk Britaniya vakillari Ben Dreyper va Jek Molloy juftligini yengib, finalga chiqdi. Finalda Buyuk Britaniya sharafini himoya qilgan Jeyms Devis va Metyu Sammers ustidan 7:6, 3:6, 10:5 hisobida zafar quchdi.