Xalqaro tender ğolibi aniqlandi
Buxoroning xalqaro transport-logistika salohiyatini oşiriş, sayyohlar oqimini köpaytiriş va viloyatning jahon aviatsiya tarmoğiga integratsiyalaşuvini kengaytiriş yölida muhim qadam taşlanmoqda. “Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini davlat-xususiy şeriklik asosida quriş va boşqariş böyiça xalqaro tenderning barça bosqiçlari yakunlanib, ğolib konsorsium aniqlandi.
Tender natijalariga köra, Turkiyaning Limak İnşaat Sanayi ve Ticaret A.Ş. hamda Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting Company W.L.L. kompaniyalari konsorsiumi ğolib deb topildi.
Mazkur loyiha Özbekistonda transport infratuzilmasini modernizatsiya qiliş, hududlarning iqtisodiy va turistik imkoniyatlarini kengaytirişga qaratilgan islohotlarning muhim yönalişlaridan biridir.
Maʼlumki, 2026-yil 12-mart kuni “Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini davlat-xususiy şeriklik asosida quriş va boşqariş loyihasi böyiça oçiq xalqaro tender eʼlon qilingan edi. “Quriş-topşiriş-boşqariş” (Build-Transfer-Operate — BTO) modeli asosida taşkil etilgan tanlov ikki bosqiçda — dastlabki malaka saralaşi va keyingi takliflarni baholaş jarayonlarida ötkazildi. Birinçi bosqiçdan muvaffaqiyatli ötgan olti nafar iştirokçi ikkinçi, yakuniy bosqiçda iştirok etdi. Natijada idoralararo tender komissiyasi tomonidan ğolib konsorsium aniqlandi.
Loyiha şartlariga köra, xususiy şerik soatiga 1 200 nafar yölovçiga xizmat körsatiş quvvatiga ega yangi yölovçi terminali, vokzaloldi maydoni, avtoturargoh hamda ularga tutaş infratuzilmani quriş va boşqarişni amalga oşiradi. Davlat şerigi esa aerodrom majmuasi, jumladan, uçiş-qöniş yölagi va perronni quriş hamda boşqariş uçun masʼul böladi.
Keyingi bosqiçda umumiy muddati 23 yilni taşkil etadigan davlat-xususiy şeriklik töğrisidagi bitimni imzolaş rejalaştirilgan. Uşbu muddatning uç yilgaça bölgan qismi quriliş işlariga ajratiladi.
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi vakillarining taʼkidlaşiça, Buxoroda yangi aeroport barpo etilişi ortib borayotgan xalqaro mehmonlar oqimini qabul qiliş, hududning xorijiy davlatlar bilan havo qatnovlarini kengaytiriş va sayyohlik jozibadorligini oşirişga xizmat qiladi. Oçiq xalqaro tenderning ötkazilişi esa nufuzli xorijiy kompaniyalarning loyihaga bölgan qiziqişini namoyon etdi.
Darhaqiqat, bugun Buxoroning iqtisodiy va turistik salohiyatini töliq röyobga çiqarişda zamonaviy transport infratuzilmasi hal qiluvçi omillardan biriga aylanmoqda. Zero, sayyoh uçun tarixiy obidalarning jozibasi bilan bir qatorda, manzilga yetib keliş qulayligi, transport xizmatlari sifati va xalqaro qatnovlar imkoniyati ham muhim ahamiyatga ega.
Ayniqsa, Buxoro kabi jahon madaniy merosining noyob markazlaridan biri uçun zamonaviy aeroportning ahamiyati yanada katta. 1993-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi röyxatiga kiritilgan şahar har yili xorijiy sayyohlar, tadqiqotçilar va işbilarmonlarni öziga jalb etadi. Yangi aeroport esa uşbu salohiyatdan yanada samarali foydalaniş, xalqaro aloqalarni mustahkamlaş, turizm va xizmatlar sohasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratiş uçun muhim infratuzilmaviy asos bölib xizmat qilişi kutilmoqda.
Uşbu taşabbus Prezident Şavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan hududlarni kompleks rivojlantiriş, transport tizimini modernizatsiya qiliş, investitsiyalarni keng jalb etiş va Özbekistonning xalqaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlaşga qaratilgan siyosatning amaliy ifodasidir. Davlat-xususiy şeriklik mexanizmidan foydalaniş esa yirik infratuzilma loyihalariga xorijiy investitsiyalar, zamonaviy texnologiyalar va ilğor boşqaruv tajribasini jalb etiş imkonini beradi.
Eʼtiborli jihati, yangi aeroport nafaqat yölovçilarga xizmat körsatuvçi inşoot, balki Buxoroning xalqaro iqtisodiy va turistik xaritadagi örnini mustahkamlaşga xizmat qiladigan strategik ahamiyatga ega loyihadir. Uning samarali amalga oşirilişi yangi aviaqatnovlar, sayyohlik xizmatlari, tadbirkorlik va bandlik imkoniyatlarining kengayişiga zamin yaratişi mumkin.
“Yangi Buxoro” xalqaro aeroportini quriş va boşqariş böyiça davlat-xususiy şeriklik loyihasi Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi qaroriga muvofiq “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oşirilmoqda.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri