Guliston davlat universitetida tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda san’at orqali ma’naviy-estetik tarbiyani kuchaytirish maqsadida Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali tashkil etildi.
Festival doirasida talabalarga rangtasvir, grafika, dizayn va badiiy kulolchilik kabi janrlardagi ijodiy asarlari orqali o‘z so‘zini aytish, dunyoqarashini ifoda etish imkoniyati yaratildi.
– Bu kabi tadbirlar nafaqat san’atni targ‘ib qilish, balki yoshlarda badiiy tafakkurni shakllantirish, ularni ijodga undashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Guliston davlat universitetining San’atshunoslik fakulteti dekani Ahmadjon Bobojonov.
[gallery-23018]
Festival doirasida Chirchiq davlat pedagogika universiteti va Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar ham tashkil etildi. Unda san’at va ta’lim sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, innovatsion usullar hamda yangi texnologiyalar haqida qiziqarli ma’ruzalar tinglandi va fikr almashildi.
– Zamonaviy san’at ta’limida talabalarga faqat nazariy bilim berish yetarli emas. Ularda estetik zavq, kompozitsiya hissi, rang tuyg‘usi, hunarmandchilik asoslari kabi amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish talab etiladi. Festival aynan shu maqsadlarga xizmat qildi, – deydi Chirchiq davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi, rassom Zulxumor Himmatova.
Festivalda nafaqat universitetning talaba-yoshlari, Sirdaryo viloyatidagi ijod maktablarining iqtidorli o‘quvchi va o‘qituvchilari, respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan ijodkorlar, san’atshunoslar, ommaviy axborot vositalari vakillari ham festivalda faol ishtirok etdi.
Festival yakunida faol qatnashgan talabalar va mehmonlarga esdalik sovg‘alari hamda diplomlar topshirildi. Shuningdek, mazkur festivalni kelgusida doimiy an’ana sifatida o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Guliston davlat universitetida bo‘lib o‘tgan mazkur Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali ijodiy muhit yaratish, yosh avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etish va xalqaro ijodiy aloqalarni mustahkamlash sari tashlangan muhim qadamlardan biri bo‘ldi, desak, aslo yanglishmaymiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri