Xalqaro olimpiadada 13 nafar o‘quvchimiz sovrindor bo‘ldi
Samarqand shahrida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi II xalqaro fizika olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 15 mamlakatidan kelgan 200 nafarga yaqin xorijlik va yurtimizning 100 nafarga yaqin o‘quvchilari qariyb bir hafta davomida ikki bosqichda o‘zlarining fizika bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Birinchi – laboratoriya bosqichida o‘quvchilar ikkitadan topshiriqni bajardilar. Ikkinchi bosqichda ularga xalqaro darajada uchtadan savol berilib, javoblari baholandi.
Olimpiada g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sherzod Karimov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev so‘zga chiqib, xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tgani, ishtirokchilarning bilim va salohiyati yuqori ekanligini ta’kidladilar.
[photobank-32007]
Qatnashchilar qayd etgan natijalariga ko‘ra oltin, kumush va bronza medallari bilan taqdirlandi. Jumladan, yurtimiz vakillari 6 ta bronza, 5 ta kumush va 2 ta oltin medallarni qo‘lga kiritib, Rossiya va xitoylik o‘quvchilar qatorida yuqori natijaga erishdilar.
Rossiyalik Yaroslav Tixonyuk nazariy va amaliy sinovlarda eng yaxshi natija ko‘rsatib, olimpiadaning mutlaq g‘olibi bo‘ldi.
Shuningdek, tashkilotchilar, hakamlar hay’ati a’zolari hamda faol ishtirokchilarga olimpiada tashkiliy qo‘mitasining maxsus nishonlari va tashakkurnomalari taqdim etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari