Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidentiga "Faxriy doktor" unvoni taqdim etildi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jalud al-Shammari hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Al-Mana bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida og‘ir atletika sport turini rivojlantirish, uning ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali sportchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchilar, xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgan o‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar soni va sifati ortdi.

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bilan hamkorlikda ushbu sport turini yanada rivojlantirish, halol raqobat tamoyillarini mustahkamlash, dopingga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyalarining O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘ygan samarali hamkorligi, mamlakatimizda og‘ir atletikani rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etildi.
Uchrashuvda Muhammad Jalud al-Shammari hamda Muhammad Al-Managa sport sohasidagi xizmatlari e’tirof etilib, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tomonidan "Faxriy doktor" unvoni topshirildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA