Xalqaro narkotrafikning navbatdagi holati fosh etildi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, xususan, ularni xorijdan mamlakatimiz hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Samarqand viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida katta miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir davomida Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan birining 1971-yilda tug‘ilgan fuqarosi qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxs hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan qo‘shni respublika fuqarosi bilan til biriktirib, o‘zi boshqarayotgan «Renault» rusumli yuk avtomashinasida giyohvandlik vositasini xorijdan O‘zbekistonga olib kirgan.
Tezkor tadbir davomida xorijlik fuqaro vaqtincha istiqomat qilayotgan Ishtixon tumanidagi uy ko‘zdan kechirilganda, sof og‘irligi 20 kilogramm 239 gramm bo‘lgan ekstraksiyali opiy moddasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlanishicha, giyohvandlik moddasi yuk avtomashinasining maxsus yashirin joyiga hamda ikkita akkumulyator ichiga yashirilgan holda olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan xorijlik fuqaro va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA