Xalqaro atom energiyasi agentligining milliy loyihalar bo‘yicha menejeri Kristof Xeynrix va tibbiyot fizigi Deniel Berger “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialida bo‘ldi.
Uchrashuv chog‘ida har ikki tashkilot o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan fikr yuritdi. Xususan, unda joriy yilning noyabr oyida universitet filiali negizida XAEAning hududiy yadro energetikasini boshqarish maktabi o‘quv kurslarini tashkil qilish, 2022-2024 yillar uchun XAEAning texnik ko‘mak dasturlarini shakllantirishda filial uchun atom elektr stansiyalarining asosiy texnologik qurilmalarini boshqarish bo‘yicha virtual analitik trenajerlarni xarid qilish loyihasini ilgari surish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun o‘quv kurslari, seminarlar, texnik uchrashuvlar, malaka oshirish va stajirovka kurslariga jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.
XAEA mutaxassislari mazkur oliygoh filialida keyinchalik magistratura dasturi asosida talabalarni o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, hozirda dunyoda ehtiyoj o‘sib borayotgan tibbiyot fiziklarini tayyorlash, mintaqaviy darajadagi ilmiy-ta’limiy tadbirlar o‘tkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng ochiq muloqot tarzda o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar xalqaro mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Tashrif doirasida XAEA mutaxassislari filialning laboratoriya jihozlari, kutubxonasi va ijtimoiy bloki bilan yaqindan tanishdi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA