Xalqaro musobaqalar yuqori saviyada o‘tkazildi
Jizzax viloyati yana bir bor xalqaro sport xaritasidagi o‘rnini namoyon etdi. Ikki kun davom etgan “Grand Prix Jizzakh” va “Grand Prix Jizzakh Ladies” xalqaro velopoygalarida 14 davlatdan kelgan qariyb 150 nafar sportchi shiddat, chidam va mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi. Nufuzli musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki O‘zbekiston velosportining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Jizzax shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan “Grand Prix Jizzakh” va “Grand Prix Jizzakh Ladies” xalqaro musobaqalari yuqori saviyada o‘tkazildi.
18-iyun kuni tantanali ochilish marosimi bilan start olgan xalqaro poygalar 18–19-iyun kunlari viloyatning maxsus tayyorlangan trassalarida bo‘lib o‘tdi. Ikki kun mobaynida turli davlatlardan kelgan mahoratli velosipedchilar g‘oliblik uchun keskin va murosasiz kurash olib borishdi.


Xotin-qizlar o‘rtasidagi bahslar 92 kilometrlik masofada tashkil etildi. Qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan poyga yakunida Yanina Kuskova, Shaxnoza Abdullayeva va Madina Qahhorova boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi vakilalari shohsupaning barcha pog‘onalarini egalladi. Yanina Kuskova hamda Shaxnoza Abdullayevaning xalqaro musobaqalarda qayd etayotgan barqaror natijalari mamlakatimizda ayollar velosporti yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatmoqda.
Erkaklar o‘rtasidagi bahslar esa 129 kilometrlik masofada o‘tkazildi. Musobaqaning hal qiluvchi pallasida tajriba va taktik tayyorgarlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni avstraliyalik Kemeron Skott egalladi. Ikkinchi pog‘onadan Yangi Zelandiya vakili Delan Xokkens joy oldi. Uchinchi o‘rin esa O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Nikita Svetkovga nasib etdi. Nikita Svetkov xalqaro maydonlarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etib kelayotgan iqtidorli velosipedchilardan biri sifatida so‘nggi yillarda qator nufuzli musobaqalarda yuqori natijalar qayd etmoqda.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi musobaqaning eng yorqin lahzalaridan biriga aylandi. Shohsupaga ko‘tarilgan sportchilarga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mutaxassislar fikricha, bunday xalqaro turnirlar mahalliy sportchilar uchun katta tajriba maktabi vazifasini o‘taydi. Eng muhimi, ular orqali O‘zbekistonda velosportning ommaviyligi ortib, mamlakatning xalqaro sportdagi hamkorligi yanada oshdi. Jizzaxdagi ikki kunlik poyga yakuni shuni ko‘rsatdiki, viloyat nafaqat yirik sanoat va agrar hudud, balki xalqaro sport musobaqalarini yuksak darajada qabul qilish va o‘tkazish imkoniyatiga ega zamonaviy sport markazlaridan biriga aylanib bormoqda. “Grand Prix Jizzakh” va “Grand Prix Jizzakh Ladies” musobaqalari esa buning yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri