Joriy yilning 1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) rahbariyati hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) bitiruvchilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir SMTI va JIDU o‘rtasidagi JIDU talabalarining universitetda o‘qish jarayoni davomida olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlashda ko‘maklashish hamkorlik kelishuvi doirasida tashkil etildi.
Qayd etish joizki, JIDU bitiruvchilari amaliyoti ikki oyga mo‘ljallangan bo‘lib, SMTI yetakchi tadqiqotchilari talabalarga biriktirilgan.
Suhbat davomida JIDU bitiruvchilariga institut faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, ularga xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalariga bag‘ishlangan bitiruv malakaviy ishlarini tayyorlash bo‘yicha maslahatlar berildi.
Shuningdek, bitiruvchilar SMTI mutaxassislaridan mamlakatning xalqaro aloqalari, ichki va tashqi siyosatining ustuvor masalalari bo‘yicha fikr almashishadi.
Uchrashuv davomida, kadrlar tayyorlash masalalariga alohida urg‘u berib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning jadal tashqi siyosati tufayli yuqori malakali xalqaro mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga javob beradigan yosh malakali kadrlar tayyorlash muhimligini bir necha bor ta’kidlagan.
Shu bilan birga, xalqaro munosabatlar sohasidagi yosh mutaxassislarni, o‘zbek diplomatiyasi uchun professional kadrlarni tayyorlash, davlatimiz manfaatlarini dunyo miqyosida faol va muvaffaqiyatli ilgari surishga yordam beradi.