Xalqaro muammolar yechimiga yangicha yondashuv ilk bor oʻzbek tilida yangradi
Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi butun dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqi butun dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Bu olamshumul nutqning biz uchun yana bir katta ahamiyati shuki, vatanimiz tarixida ilk bor oʻzbek tili BMT minbarida jarang sochdi, Oʻzbekiston Prezidenti ilk bor oʻz fikrlarini oʻzbek tilida bildirdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqi avvalida insoniyat boshiga tushgan katta sinov — koronavirus infeksiyasining yer yuzi boʻylab tarqalishi ortidan yuzaga kelgan keskin vaziyat va buning natijasida tugʻilayotgan iqtisodiy, tibbiy, ijtimoiy muammolarning naqadar keng tus olib borayotganligiga alohida urgʻu berib oʻtdi.
Aytish lozimki, bu muammolarga yechim topish, uning oqibatlarini toʻla bartaraf etish u yoki bu davlatning emas, balki barcha mamlakatlar tomonidan hamjihatlikda hal etiladigan global holatga aylandi. Buning uchun esa, eng avvalo, xalqaro tibbiyot tashkiloti — Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining huquqlari va vakolatlarini kengaytirish, uning dunyo mamlakatlariga koʻrsatadigan ijtimoiy yordam vazifalarini oshirish zarur.
Muhtaram Yurtboshimiz oʻz nutqida bu boradagi eng dolzarb fikrlarni bildirib oʻtar ekan, “maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini taʼminlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir” deya oʻz xulosalarini bayon etdi.
Darhaqiqat, pandemiya oqibatlarini bartarf etish, buning uchun eng avvalo, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga zarur koʻmak koʻrsatish borasida yurtimizda keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bu qatʼiy choralarning dastlabki qadami sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari qoshida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlarining tashkil etilganligi, bu markazlarning ehtiyojmand aholi qatlami vakillariga koʻrsatgan ijtimoiy yordami, nafaqat xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi, balki xalqaro tashkilotlar tomonidan munosib baho berildi.
Shuningdek, soʻnggi oylarda ketma-ket yoʻlga qoʻyilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda karantin davrida oʻz daromad manbaidan ajralgan fuqarolarga maʼlum pul mablagʻlarining ajratilayotganligi aholi turmush darajasining yaxshilanishida yana bir muhim qadam boʻldi, desak xato boʻlmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz oʻz nutqida soʻnggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlar, jumladan, gender tenglik siyosati jadal surʼatlarda olib borilayotganligiga alohida urgʻu berib oʻtar ekan, bu oʻzgarishlar bugungi kunda ortga qaytmaydigan katta harakatga aylanganligini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Albatta, hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat va jamoat tashkilotlaridagi oʻrni va roli kundan-kun ortib bormoqda. Parlament aʼzolari orasida ayol deputatlar soni ikki barobarga koʻpaydi. Eng muhimi, ishbilarmon va tadbirkor xotin-qizlarning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishdagi muhim ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Ishsiz ayollar sonining kamayganligi, joylarda hunarmandchilik va uy sharoitida olib boriladigan ishlab chiqarish turlarining koʻpayganligi yurtimiz taraqqiyotida muhim bir qadam boʻldi.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonning dunyo miqyosida tutgan oʻrni haqida fikr bildirar ekan, bu borada Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlar bilan oʻzaro ishonch va doʻstona hamkorlik oʻrnatilganligini, ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam oʻtkazib kelinayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari katta va muhim jarayon ekanligini aytib oʻtdi. Shuningdek, 2021-yilda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusida xalqaro forumni YUNESKO bilan hamkorlikda oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanligini taʼkidladi.
Dunyo hamjamiyatining yana bir ogʻriqli muammolaridan biri — yer yuzida kechayotgan iqlim oʻzgarishlarining yildan yilga keskin tus olayotganligidir. Muhtaram Yurtboshimiz bugungi kunda hech bir mamlakat mazkur global muammodan chetda qolmayotganligi haqida fikr bildirib oʻtar ekan, bu iqlim oʻzgarishlari Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotiga ham katta xavf tugʻdirayotganligini aytib oʻtdi.
Dunyo hamjamiyati eʼtiborini mintaqa mamlakatlarining eng asosiy muammosiga aylanib borayotgan Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratar ekan, Oʻzbekiston mavjud ahvolni yaxshilash uchun hududda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirayotganligini taʼkidlab oʻtdi.
Prezidentimiz mavjud vaziyatni yaxshilash hamda bu muammoga jahon hamjamiyati eʼtiborini yana bir qaratish maqsadida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, shuningdek, mazkur muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini bildirdi.
Nutq soʻnggida yana bir muhim tashabbus sifatida oʻrtaga tashlangan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasida qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish taklifi haqli ravishda bugungi kunning eng muhim global masalasiga aylanib bormoqda.
Uning eng dolzarbligi shundaki, pandemiya sharoitida bu muammo yana-da murakkab tus olayotganligidir. Ana shu nuqtayi nazardan olib qaralganda, xalqaro minbarda bildirilgan mazkur taklif bugungi kunning ayni muhim tashabbusi sifatida katta ahamiyatga ega.
Shu oʻrinda bu tarixiy nutqning eng muhim jihati — uning oʻz ona tilimiz — oʻzbek tilida bayon etilganligiga yana bir bor eʼtibor qaratishni istardim. Zero, oʻz oʻtmishi davomida minglab toʻsiqlarga uchragan, bugunga kelib millatimiz faxri sifatida xalqaro maydonlarda tinglanayotgan oʻzbek tilining shon-shavkati yana dunyoga boʻy koʻrsatayotganligi har birimiz uchun ulkan faxr, katta iftixordir.
Gulnora MAʼRUFOVA,
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari