O‘zbekiston Respublikasi tarixida birinchi marta “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan yetakchi xalqaro banklardan 5 yil muddatga garovsiz uzoq muddatli sindikatsiyalashgan kredit jalb etildi.
Korxona matbuot xizmatining xabar berishicha, bitimning umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etadi. Mablag‘larni taqdim etishda JP Morgan&Chase, Citi, Societe Generale, Credit Suisse, ICBC Standard, Halyk Bank va Deutsche Bank kabi banklar ishtirok etmoqda. Mablag‘lar kompaniyaning umumiy korporativ maqsadlari hamda investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Bu “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun xalqaro moliya bozorlari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi qadam bo‘lib, kompaniyani kelajakda yevrobond joylashtirish va aksiyalarni birlamchi ommaviy taklif (IPO) ga tayyorlaydi.
- 2019 yilda boshlangan “NKMK” AJning transformatsiyasi kompaniyaning O‘zbekiston Respublikasi oltin qazib olish sanoatidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. AJni transformatsiya qilish va oltin ishlab chiqarish bo‘yicha global yetakchiga aylantirishning yana bir bosqichi sifatida biz bu boradagi barcha jarayonlarni Jahon oltin kengashi (World Gold Council) va Sianidni boshqarish bo‘yicha xalqaro Kodeks (International Cyanide Management Code) tomonidan ishlab chiqilgan mas’uliyatli oltin qazib olish (Responsible Gold Mining Principles) tamoyillari bilan birlashtirishga qaratilgan maqsadimizni e’lon qilamiz, - deydi “NKMK” AJning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Xolmamat Raupov.
A.Bo‘riyev, O‘zA