Xalqaro moliya markazi mahalliy biznesga ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi
Katta islohotlar bir kunda amalga oshib qolmaydi. Ular avvalo, g‘oya sifatida tug‘iladi, vaqt o‘tishi bilan shakllanadi va nihoyat aniq qarorga aylanadi.
Toshkent xalqaro moliya markazini (XMM) tashkil etish tashabbusi ham aynan shunday yo‘lni bosib o‘tdi.
2018-yilning iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi davomida Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) faoliyati bilan yaqindan tanishuvi bu yo‘nalishdagi dastlabki qadamlardan biri bo‘ldi. O‘shandayoq mamlakatimiz rahbari ko‘nglida “nega bunday markaz O‘zbekistonda ham bo‘lmasligi kerak?” degan tabiiy savol paydo bo‘lgani shubhasiz.
Vaqt o‘tishi bilan bu g‘oya aniq strategiyaga aylandi. 2024-yil iyul oyida o‘tkazilgan Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi yig‘ilishida kapital bozorini rivojlantirish va xalqaro talablarga javob beradigan infratuzilma – Xalqaro moliya markazini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari har bir taklif va loyiha bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi va ular shaxsiy nazoratda bo‘lishini ta’kidladi.
Shu yilning 30-martida qabul qilingan “Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim qadam va xalqaro kapital bozoriga tashlangan ochiq chaqiriqdir.
Bugun dunyoda pul, investitsiyalar va iqtidorli mutaxassislar uchun haqiqiy raqobat kurashi kechmoqda. Mamlakatlar biznes uchun qulay maxsus moliyaviy “maydonchalar” yaratib, sarmoya jalb qilmoqda. Nega biznes sahrodagi Dubayni tanlaydi? Nega kompaniyalar Kayman orollarida ro‘yxatdan o‘tadi? Yoki nega investorlar yonginamizdagi Ostonaga keladi? Javob oddiy: qonunlar tushunarli, investitsiyalar himoyalangan, biznes yuritishga to‘siq kam.
Toshkent xalqaro moliya markazi yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etilar ekan, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar sarmoya jalb qilishi, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shishi mumkin. Shu bilan birga, 15 minggacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish va 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Toshkent xalqaro moliya markazini yaratish – oddiy islohot emas, balki institutsional sakrash hisoblanadi.
Bunday markazlar, odatda, oddiy milliy qonunlar bilan ishlay olmaydi. Shuning uchun u alohida, konstitutsiyaviy qonun darajasida tartibga solinadigan maxsus huquqiy rejimga ega bo‘ladi.
Markaz hududida fuqarolik va tijorat huquqi, moliya va bank qoidalari, soliq va mehnat munosabatlari, ma’lumotlarni himoya qilish kabi sohalar uchun alohida qoidalar amal qiladi.
Eng muhim jihatlardan biri – Angliya va Uels umumiy huquqi tamoyillarining qo‘llanilishi. Bu investorlar uchun tanish va ishonchli huquqiy muhit yaratadi.
Hujjat bilan tanishganlarning ayrimlarida savol tug‘ilayapti: XMM “davlat ichidagi davlatmi?”
Mutlaqo yo‘q. Markazda alohida huquqiy rejim - o‘z sudi va arbitraji, maxsus soliq tizimi bo‘ladi. Shu sababli u “alohida hudud”dek tuyuladi. Lekin u suveren emas, alohida davlat ham emas, qonunlar O‘zbekiston tomonidan tasdiqlanadi, to‘liq nazorat esa davlat qo‘lida bo‘ladi. Soddaroq aytganda, O‘zbekiston hududida maxsus maydon yaratiladi. U yerdagi o‘yin qoidalari xalqaro standartlarga mos bo‘ladi.
Demak, XMM – yuqori darajada avtonomiyaga ega maxsus huquqiy hudud. Bir qarashda XMM ofshorlarga ham o‘xshab ketadi. Lekin ular orasida katta farq bor. XMMda real biznes yuritiladi, investitsiyalar jalb qilinadi, qat’iy nazorat va shaffoflik yaratilib, xalqaro standartlar qo‘llaniladi. Ofshor zonalarda esa ko‘pincha soliq optimizatsiya qilinadi, kompaniyalar aksariyat “qog‘ozda” faoliyat ko‘rsatadi, yuqori maxfiylikka rioya qilinadi, ba’zan shubhali operatsiyalar amalga oshiriladi. Shuning uchun XMMga o‘sish vositasi, ofshorga esa ko‘proq soliqdan qochish instrumenti sifatida qaraladi.
Global kapitalni jalb qilish uchun xalqaro moliya markazlariga soliq va boshqa imtiyozlar beriladi. Zero, kapital doimo soliq past, byurokratiya kam, qoidalar aniq bo‘lgan joyga oqadi.
Ayni o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: nega bunday imtiyozlar mahalliy biznesga ham berilmaydi?
Agar imtiyozlar barchaga teng taqdim etilsa, byudjet tushumlari kamayishi mumkin. Agar imtiyozlar faqat muayyan hudud yoki sektorlarga berilsa, kompaniyalar soliq yukini kamaytirish uchun aynan shu joylarga “ko‘chib o‘tish”ga oshiqadi.
Imtiyozlar maqsad emas, vosita. Agar ular iqtisodiy faollik yaratmasa, ular shunchaki byudjetdan voz kechishga aylanadi.
Shu bilan birga, mahalliy biznes ham butunlay e’tibordan chetda emasligini, erkin iqtisodiy zonalar, soliq imtiyozlari yaratilayotgani, subsidiyalar ajratilayotganini esdan chiqarmaylik.
Xalqaro moliya markazi faqat xorijiy investorlar uchun emas. U mahalliy biznesga ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Xususan, xalqaro kapital bozorlariga chiqish, arzon moliyalashtirishga ega bo‘lish, kompaniyalarning aksiyalarini ommaga chiqarib, sarmoya jalb qilishi (IPO) orqali mablag‘ jalb qilish hamda xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni, bu - ichki biznes uchun yangi bosqich demakdir.
XMM milliy iqtisodiyotga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Xorijiy investitsiyalar oqimi oshadi, moliyaviy sektor rivojlanadi, YAIM va soliq tushumlari o‘sadi, yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratiladi, biznes muhit yaxshilanadi, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi tezlashadi.
Ayni vaqtda “uning xatarli tomonlari ham bor”, deyishmoqda ekspertlar. Ularning fikricha, iqtisodiyotning tashqi kapitalga bog‘liqligi oshadi, bozor “pufaklari” paydo bo‘ladi, tengsizlik oshadi, iqtisodiyot isitmaga tushadi, noqonuniy operatsiyalar xavfi paydo bo‘lib, real sektor zaiflashishi mumkin.
Demak, xalqaro moliya markazlari bir vaqtning o‘zida ham imkoniyat, ham xatar manbai hisoblanadi. Bu yerda boshqaruv sifati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Kuchli institutlar sharoitida ular iqtisodiy o‘sish drayveriga xizmat qiladi, aks holda esa mavjud muammolarni yanada kuchaytirishi mumkin.
XMM lokal moliyaviy institutlarga ikki xil ta’sir ko‘rsatadi. Bir tomondan yangi texnologiyalar keladi, xizmat sifati oshadi, raqobat kuchayadi. Boshqa tomondan, mijozlar XMMga o‘tishi, eng yaxshi kadrlar ketishi, zaif kompaniyalarning bozordan chiqishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Shu ma’noda, XMM – “filtr”: kuchlilarni kuchaytiradi, tayyor bo‘lmaganlarni siqib chiqaradi. Eng muhimi, pirovardida mijoz yutadi.
Yaratilayotgan markazdan nimani kutayapmiz? Qulay va shaffof moliyaviy muhit yaratish, xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish, xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyalashuvni. Shuningdek, bank va sug‘urta xizmatlari, islomiy moliya, fintex va raqamli aktivlar, elektron tijorat kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishni. Bu markaz atrofida auditorlik, konsalting, yuridik xizmatlar, komplayens kabi professional xizmatlar ekotizimi ham shakllanadi. Hademay bo‘y cho‘zajak xalqaro moliya markazi Toshkent va mamlakatimiz uchun juda-juda yarashiqli va strategik ahamiyatga ega. Yurtimizning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratmoqda. Ishonch bilan ilk qadamni tashladik, bu bizning bo‘lg‘usi raqobatga rostmana tayyor ekanimizni, Toshkentni mintaqaviy moliyaviy xabga aylantira olishimizni ko‘rsatmoqda. Xalqaro moliya markazi qurish – bu binolar emas, ishonch ko‘prigini qurishdir. Ishonch vaqt, qonun va amaliyot uyg‘unligida shakllanadi. Eng asosiy kafolat esa davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qonun ustuvorligi va davlatning o‘z majburiyatlariga sodiqligida. Ular jam bo‘lgan joyga kapital ham, imkoniyat ham, kelajak ham keladi.
Asqar Haydarov,
jurnalist