Nyu-York shahrida joriy yilning 23 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda dunyo miqyosida dolzarb masalalar bo‘yicha nutq so‘zladi.
Prezidentimiz tomonidan bildirilgan fikr va tashabbuslar yana bir bor mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiq, tinchliksevar va hamkorlikka qaratilgan yo‘nalishini yaqqol ko‘rsatdi.
Nutqda ta’kidlaganidek, bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat sharoitida xalqaro huquqni, millatlar va davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni kuchaytirish global barqarorlikning asosiy omilidir. Dunyo miqyosida xavfsizlik va taraqqiyotni ta’minlash uchun ziddiyatlardan ko‘ra umumiy manfaatlarni ustuvor qo‘yish zarurligi e’tirof etildi.
So‘zda va amalda birlik

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator.
Aytish joizki, so‘ngi yillarda O‘zbekiston o‘zini global mas’uliyatni zimmasiga olishga va aniq yechimlar taklif qilishga qodir mamlakat sifatida ifoda eta oldi.
“Bundan 8 yil muqaddam biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilganimizni e’lon qilgan edik.
Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”, – dedi Prezidentimiz.
Bu jarayonda O‘zbekiston muloqot tashabbuskori, birlashtiruvchi kuch, tinchlik va taraqqiyotning tayanch nuqtasi sifatida yetakchi rol o‘ynadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan qator xalqaro tashabbuslar jumladan, Butunjahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish, Afg‘oniston orqali transport va energetika koridorlarini rivojlantirish, terrorizmga qarshi mintaqaviy markazni tashkil etish, yoshlar uchun global harakat platformasini yaratish kabi takliflar butun Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyati uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qo‘shning tinch – sen tinch
Hech kimga sir emas, dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan qurolli mojarolar global tinchlik va osoyishtalikka jiddiy putur yetkazmoqda. Bunday nizo va to‘qnashuvlar begunoh insonlarning halok bo‘lishiga olib kelmoqda, investitsiya oqimlarini, tovar va xizmatlar aylanishini izdan chiqarmoqda. Oziq-ovqat va energetika xavfsizligi bo‘yicha yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Aynan shu sababli Prezidentimiz o‘z nutqida Afg‘oniston, Ukraina va G‘azo muammolarida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi bildirildi.
Bunda, Afg‘oniston bilan hamkorlik qilish alohida qayd etildi. Qo‘shni mamlakatni yordamsiz qoldirmaslik, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘mak berish muhimligini ta’kidladi. Bu esa mintaqa barqarorligi va xavfsizligiga xizmat qiladi. Bu o‘z navbatida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun imkon beradi.
O‘zbekiston insonparvarlik yuklarini jo‘natish, energetika tizimini yaratishga ko‘maklashish, savdo hajmini oshirishdan tortib qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishgacha bo‘lgan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash orqali o‘z e’tiqodini amalda namoyon etmoqda.
O‘zbekiston muhim xalqaro platformaga aylanadi
Bugun dunyoga katta xavf solayotgan yana bir global xatarlardan biri terrorizm hisoblanadi. Prezident nutqida ushbu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda tuzilgan Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengashni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish taklif etildi. Ushbu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz Toshkent shahrida Terrorizmga qarshi qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ekologiya – muammo va o‘sish nuqtasi
Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi kabi ekologik muammolar har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishiga xavf tug‘diradi. Orol dengizi muammolariga e’tibor qaratgan Prezidentimiz faqat davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, innovatsion texnologiyalarni qo‘llash orqali ekologik muvozanatni saqlab qolish mumkinligini ta’kidladi. Bunda ilgari surilgan ekologik tashabbuslar global tahdidlarni kamaytirish, hamjihatlikda yechim topish va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Toshkentda suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish taklifi muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha Global pakt qabul qilish taklifini berdi.
O‘zbekiston ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida chiqindilar, suvdan qayta foydalanish, hududlarni rekultivatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish zamon talabi bo‘lib qolmoqda.
Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, zamonaviy ekologik standartlarni joriy etish, texnogen chiqindilarni kamaytirish yo‘lga qo‘yilgan. Bu bizga global kontekstda raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi. Aytish joizki, kombinatning ekologik mas’uliyati ISO 14001 “Ekologik menejment tizimi” xalqaro standarti sertifikati bilan mustahkamlangan.
Amalda aks etayotgan islohotlar
Prezidentimiz kambag‘allikni kamaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashni yaxshilashga alohida e’tibor qaratish orqali iqtisodiy o‘sishning insonparvar yo‘nalishini ko‘rsatib berdi. Bu yo‘nalishdagi davlat siyosati ijtimoiy barqarorlikni ta’minlaydi, ish o‘rinlarini yaratadi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Prezidentimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan, ayniqsa qishloq joylardagi oilalarda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Bunda Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish taklifi butun mintaqamizdagi xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, ayollarimizning kuch-salohiyat va imkoniyatlarini yanada keng quloch yoyishiga xizmat qiladi.
Prezident “Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir” – deb ta’kidlagani bejiz emas. Bu so‘zlar hamma joyda: shaharlar va mintaqalarda, biznesda, sanoatda, ijtimoiy siyosatda sezilayotgan o‘zgarishlar ruhini aks ettiradi.
Yoshlar – kelajak manbai
Kuchli mamlakatgina kelajak haqida qayg‘uradi. Shu bois yoshlar bilan bog‘liq tashabbuslar nutqning muhim qismi bo‘ldi. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etib, yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi ezgu g‘oyalarni singdirish dolzarb ekanligi, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi diqqatga molik. Xalqaro shtab-kvartirasi Toshkentda joylashgan “Tinchlik uchun” harakati turli mamlakatlar, dinlar va madaniyatlarga mansub yoshlarni tinchlik, o‘zaro tushunish va barqaror rivojlanish qadriyatlari atrofida birlashtiruvchi platformaga aylanishi mumkin.
Prezidentimiz “Yoshlar – tinchlik, taraqqiyot va hamkorlik g‘oyalarini tashuvchi asosiy resurs”, deya juda munosib baho berdi. Va bu yerda O‘zbekiston yana bir bor aniq harakat, muloqot, millatlar va xalqlararo totuvlikni o‘zaro hamkorlik shaklida amalga oshirishni taklif qilmoqda.
Bizning ertamiz bugundan boshlanadi
Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqidagi barcha tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlaydi. Eng muhimi, bu g‘oya va takliflar umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi hamda jahonda tinchlik, barqarolik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan.
Men ishonch bilan ayta olaman, Prezidentimizning oqilona siyosatlari tufayli mamlakatimiz zamonaviy, tashqi siyosati tinchlik va hamjihatlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgan davlatga aylandi. Bu biz uchun cheksiz g‘urur va iftixor hamdir.
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”
aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator.