Xalqaro maslahat qo‘mitasining yig‘ilishi
Samarqand shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda tuzilgan O‘zbekistondagi jahon merosi ob’ektlarining muhofazasi bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda YUNESKO Jahon merosi markazi mas’ullari va ekspertlar, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi, Madaniy meros agentligi rahbarlari va soha vakillari ishtirok etdi.
YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasi raisi birinchi o‘rinbosari E.Najimov, O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili K.Muxtorov, Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari T.Qo‘ziyev va boshqalar mamlakatimizda ajdodlarimizdan meros arxeologik va arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari YUNESKO Jahon merosi markazi direktori Lazera Asomaning videomurojaatini tingladilar.
Tadbirda Surxondaryo va Qoraqalpog‘istondagi arxeologik yodgorliklarni saqlash, boshqarish va umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritish, tarixiy shaharlar landshafti va merosga ta’sirini baholash, arxitektura yodgorliklarini saqlash metodologiyasi kabi mavzular yuzasidan ma’ruza va hisobotlar tinglandi.
[gallery-23690]
– Samarqand – butun insoniyatning boyligi, birgina Registondagi obidalarni ko‘rgan kishi cheksiz hayrat va havas og‘ushida qoladi, – deydi shaharsozlik bo‘yicha ekspert Maykl Kloos. – 2025 yilda Samarqand – islom olamining madaniyati poytaxti deya e’tirof etilibdi. Yana bu yil ushbu qadimiy shaharda YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan shaharda bu tadbirga ham yuksak tayyorgarlik ko‘rilayotganiga guvoh bo‘ldik. Samarqand viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, madaniy merosni asrab-avaylashga mutasaddilar bilan uchrashib, hududdagi umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarni asrab-avaylash bo‘yicha dasturlar, rejalar bilan tanishdik, o‘z tavsiyalarimizni berdik.
Xalqaro maslahat qo‘mitasi a’zolari 22 maydan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida bo‘lib umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va boshqa madaniy meros ob’ektlari bilan tanishib, mahalliy hokimliklar rahbarlari va mutaxassislar bilan uchrashib, arxeologik va arxitektura yodgorliklarini asrab-avaylash yuzasidan o‘zaro fikr almashgani haqida ma’lumot berdi.
– Avvalo, shuni aytishim kerakki, YUNESKO ishchi guruhi qariyb o‘n kun davomida yurtimizda o‘rganish ishlarini olib borib, madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish, saqlash borasidagi ochiqlik, shaffoflikni e’tirof etdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev. – Shu bilan birga o‘z tavsiyalarini berdi. Ammo ba’zi masalalarda, xususan, ikki ming yillikdan ortiq tarixga ega, arxeologik ob’ektlarni asrab-avaylash bo‘yicha biz o‘z tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashdik. Chunki, xom g‘ishtdan qurilgan ayrim ob’ektlar bir necha yuz yilliklar va keyingi paytda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlari ta’sirida ziyon ko‘rmoqda. Bu hatto o‘rta asrlarda qurilgan binolarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Albatta, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, yurtimizda mavjud tarixiy ob’ektlarga e’tibor kuchayib, ular muhofazaga olindi. Endilikda esa, ayniqsa, keyingi o‘n yillikda bu tarixiy-madaniy merosni saqlab qolish uchun davlatimiz tomonidan juda katta mablag‘ ajratilmoqda va bu sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganiga guvohmiz.
Yig‘ilishda joriy yilning oktyabr oyida ilk bor Parijdan tashqarida, ya’ni Samarqand shahrida o‘tkaziladigan YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik yuzasidan Samarqand viloyat hokimligi mas’ullari axborot berdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari