Xalqaro kuzatuvchilar Buxoroda
Saylov jarayonlarini kuzatish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar vakillari hamda xorijlik kuzatuvchilar Buxoroga ham keldi.
Shu kunga qadar viloyat hududida uzoq muddatli kuzatuvchilar saylovlarga tayyorgarlik holatlari, saylovoldi tashviqot ishlarini o‘rgangan edi. Endilikda viloyatga bir guruh qisqa muddatli kuzatuvchilar ham keldi.

Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Anton Lopatin, Zalina Verdixanova, Elmira Xaymurzina, Giorgiy Rubsovlardan iborat qisqa muddatli kuzatuvchilar guruhi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi. Okrugda saylov qonunchiligi bo‘yicha targ‘ibot materiallari, saylov uchastkalarini tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq ma’lumotlar bilan tanishdi. Okrug huzurida tashkil etilgan matbuot markazi faoliyati hamda saylovchilarning elektron ro‘yxatga olinishi holati ham o‘rganildi.
Ular hududlardagi saylov uchastkalarida bo‘lib, Saylov kodeksida begilangan me’yorlarga nechog‘liq amal qilinishi, shuningdek, mazkur jarayonlar xalqaro saylov normalariga qay darajada muvofiqligini o‘rganmoqda. Belorussiya davlati kuzatuvchilari ham 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Zarif Komilov, O‘zA