Xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv
Xalqaro media -xollda mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish uchun yurtimizga tashrif buyurgan bir guruh xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi Bosh kotibining o‘rinbosari Omer Kocheman, Sorbonna universiteti faxriy professori Gay Olive For (Fransiya), Nagoya universiteti prezidenti Xaruo Saburi (Yaponiya), Aiti universiteti vitse-prezidenti Xiroaki Kavabata (Yaponiya), «JETRO» Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti vakili Manabu Simoyasiro ishtirok etdi. Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonlari, unga tayyorgarlik ko‘rish ishlari hamda so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ma’lumki, saylov jarayonida jamoatchilik va xalqaro kuzatuvlarni amalga oshirish uchun sharoit yaratish katta ahamiyatga ega. Shu bois ham mamlakatimizdagi saylov jarayonlarini kuzatish uchun xalqaro kuzatuvchilarga barcha sharoit yaratilgan.

Ta’kidlash joizki, saylov kampaniyasida xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning ishtirok etishi butun saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligi tamoyillari mustahkamlanishiga, umumiylik, tenglik, erkinlik va yashirin ovoz berish kabi demokratik saylovlarning tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qiladi. Saylov kampaniyasini tashkil etishda oshkoralik muhitining yaratilishi, saylov kuni saylov uchastkalarida kuzatuvchilarning hozir bo‘lishi esa saylovning adolatli ekanligiga jamoatchilikning ishonchini oshiradi. Qolaversa, fuqarolarning saylov jarayonida faol ishtirokini ta’minlaydi.
Muhtarama Komilova, O‘zA