“Xalqaro kitob kuni” tadbiri o‘tkazildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi elchixonasi “Xalqaro kitob kuni”ga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi.
Tadbirni O‘zDJTU rektori Ilhomjon To‘xtasinov ochib, shunday dedi:
– Har yili 23-aprelda Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni nishonlanadi. 1995-yil Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi kitob va muallifga ehtirom bildirish maqsadida barchani, ayniqsa yoshlarni mutolaadan huzur topish, insoniyatning ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga ko‘maklashganlar faoliyatini hurmat qilishga chaqirdi va shu kunni Jahon kitob va mualliflik huquqi kuni sifatida e’lon qildi. Bu sana kitob bilim tarqatish vositasi va ilmni saqlashning ishonchli usuli ekanini anglash maqsadida ta’sis etildi.

Kitob orqali biz nafaqat bilim olamiz, balki fikrlaymiz,, ma’naviy, axloqiy qadriyatlar bilan tanishib boramiz.
Kitob millatlar udum va an’analari bilan tanishtiruvchi vosita, turli madaniyat va sivilizatsiyalarni birlashtiruvchi ko‘prikdir. Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni nishonlanganda kitobning barcha xalqlar madaniy va ma’naviy merosini asrovchi, boyituvchi ahamiyatiga alohida e’tibor berish kerak.

BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy, siyosiy va ommaviy axborot vositalari bo‘limi boshlig‘i Muhammad Al-Zahiriy O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik haqida ma’lumot berib, turli darajadagi aloqa faollashgani, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Talaba Amina Rashidovaning Xalqaro kitob kuniga bag‘ishlangan “Mutolaaning foydasi” mavzusidagi taqdimoti, BAA Vitse-Prezidenti, Bosh Vazir, Dubay Amiri Shayx Muhammad Bin Rashid Ol Maktum qalamiga mansub “Qissati” (“Mening hikoyam”) asari haqida talabalarning arab tilidagi chiqishi, o‘zbek milliy raqs va kuy-qo‘shiqlari mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Ahmad Josim Az-Zubaydiy,
O‘zDJTU arab tili o‘qituvchisi