Xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim forum
Bugungi globallashuv sharoitida milliy iqtisodiyot barqaror rivojlanishi, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu jarayonda davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish hamda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi mamlakat iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutadi. Uyushma iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy iqtisodiy manfaatlarni ilgari surishga qaratilgan faoliyati bilan ajralib turadi.

Poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi tomonidan Xalqaro iqtisodiy hamkorlik biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilib, xalqaro biznes, davlat idoralari, moliya institutlari hamda investitsiya sohasi vakillarini bir maydonga jamladi.
Forumning asosiy maqsadi O‘zbekistonning investitsion salohiyatini namoyon etish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, eksport-import, sanoat va infratuzilma loyihalarida yangi tashabbuslarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda 200 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan 20 dan ziyod mamlakatdan kelgan diplomatik korpus va xalqaro biznes vakillari qatnashdi.

Forumning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlari, tashqi savdo siyosati va investitsiya muhiti haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek, mamlakatning so‘nggi yillarda erishgan iqtisodiy yutuqlari hamda strategik yo‘nalishlari yuzasidan videomateriallar namoyish etildi.
Tadbir doirasida ikkita asosiy panel sessiyasi tashkil etildi. Birinchi sessiya eksport-import va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanib, unda investitsiya va savdo sohasidagi xalqaro tajribalar muhokama qilindi. Ikkinchi sessiyada esa xalqaro iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, xususiy sektor ishtirokini oshirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Forum davomida ishtirokchilar o‘rtasida B2B formatda uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Ushbu biznes forum O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi nufuzini yanada oshirish, yangi investitsiyalar jalb etish va barqaror iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shuningdek, Forum natijasida yangi eksport shartnomalari va investitsiya kelishuvlari imzolandi, xorijiy investitsiya loyihalarining shakllanishiga erishildi, chet ellik hamkorlar bilan birgalikda kadrlar tayyorlashda zamonaviy va xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlarni joriy etishga kelishildi.
–Tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish mamlakat iqtisodiy rivojining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi, –deydi O‘zbekiston Milliy iqtisodiy hamkorlik uyushmasi boshqaruv kengashi raisi Farruh Fazliyev. – Ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, ruxsatnoma va litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish, soliq va bojxona ma’murchiligini shaffof qilish tadbirkorlik faoliyatining erkin rivojlanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, imtiyozli kreditlar va kafolatlar taqdim etish, zamonaviy infratuzilma hamda raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish ularning bozorda barqaror faoliyat yuritishiga zamin yaratadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA