Xalqaro ilmiy-texnik anjuman
Andijon mashinasozlik institutida “Qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanishning dolzarb muammolari, energiya tejamkor qurilmalar samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni tatbiq etish” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman bo‘lib o‘tdi.
Andijon mashinasozlik instituti, Andijon davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Turkiyaning Karabuk, Qirg‘izistonning O‘sh texnologiyalar universitetlari hamda Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda mazkur oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, doktorantlari, elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari, mustaqil izlanuvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish, bu boradagi yutuq va muammolar, energiya tejamkor qurilmalar samaradorligini oshirishda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning o‘rni va roli, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, amaliy ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
– Energiya resurslari yetishmovchiligi tufayli vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish va iste’molchilarni energiya manbalari bilan barqaror ta’minlash bugungi kuning eng dolzarb masalalardan biri, – deydi Andijon mashinasozlik instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Suhrobjon Aliyev. – O‘tkazilgan ilmiy-texnik anjuman ana shu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
[gallery-13630]
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, amaliy ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, anjuman davomida olim va mutaxassislarning “Kremniyda kirishma atomlari, mikro va nanozarrachalarning shakllanish mexanizmlari”, “Vodorod energetikasini rivojlantirishning afzallik va kamchiliklari”, “Jahonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qo‘llanilishi, istiqbollari va muammolari”, “Innovatsion uslubni muhandislik ta’limida qo‘llash”, “Elektr energiyasi iste’molini onlayn nazorat qilish va boshqarish” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or, innovatsion g‘oya va loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishtirokchilar tomonidan shu’balar doirasida o‘tkazilgan muhokamalarda ilmiy izlanishlar samaralari tahlil qilindi, erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan muammolar xususida fikr-mulohazalar bildirildi, qator dolzarb masalalar bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
O‘tkazilgan ilmiy-texnik anjuman ishtirokchilarga o‘zaro tajriba almashish, mavzu doirasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar va ularning samaralari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari