Xalqaro ilmiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Guliston davlat pedagogika institutida Xitoy Xalq Respublikasining Chjetszyan viloyatidagi Wenzhou Vocational College of Science and Technology ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiyaning tashrifi doirasida ikki tomonlama ilmiy va akademik hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi.
Ushbu tashrif Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hamda institut rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan ishchi safari davomida ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va kadrlar tayyorlash sohalarida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘ldi.

Sakkiz nafar professor-o‘qituvchidan iborat mehmonlar dastlab institutda talabalar uchun yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, raqamli infratuzilma va ilmiy-amaliy imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘quv auditoriyalari, amaliy mashg‘ulot xonalari, axborot-resurs markazi hamda talabalarning ilmiy va ijodiy faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuvlar davomida delegatsiya a’zolariga institutning ta’lim yo‘nalishlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati va xalqaro hamkorlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, kafedralar faoliyati, o‘quv dasturlari mazmuni va akademik jarayonlarni takomillashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tashrifning eng muhim natijasi sifatida Wenzhou Vocational College of Science and Technology va Guliston davlat pedagogika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ta’lim, ilmiy-tadqiqot ishlari va akademik mobillik sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi.
Kelishuvga muvofiq, tomonlar professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, xalqaro konferensiya va seminarlarda ishtirok etish hamda ilg‘or pedagogik tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Memorandum imzolangandan so‘ng, ikki muassasa vakillari o‘zaro esdalik sovg‘alari almashib, do‘stona munosabat va o‘zaro hurmat ruhini yana bir bor namoyon etishdi.
Tashrif doirasida mehmonlar institutning tajriba maydoni faoliyati bilan ham tanishdilar.Ularga bu yerda yetishtirilayotgan manzarali o‘simliklar, donli va moyli ekinlar, ularning biologik xususiyatlari hamda agrotexnologik jarayonlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, manzarali o‘simliklarni ko‘paytirish, jo‘xori, makkajo‘xori va bug‘doyning istiqbolli navlari, shuningdek, kungaboqar va maxsar kabi moyli ekinlar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Xitoylik olimlar tajriba maydonlaridagi ilmiy yondashuvlar va innovatsion agrotexnologiyalarni yuqori baholab, bu yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni kengaytirish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladilar.

Uchrashuvlar yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va akademik mobillik dasturlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar mustahkamlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA