Xalqaro hamkorlikning yangi imkoniyatlari
Avval xabar qilinganidek, Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum doirasida “Coex” ko‘rgazmalar pavilyonida “Savdo-sayyohlik roud shousi” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Seul, 6-oktabr. O‘zA maxsus muxbiri Iroda Umarova xabar qiladi.Avval xabar qilinganidek, Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forum doirasida “Coex” ko‘rgazmalar pavilyonida “Savdo-sayyohlik roud shousi” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda Janubiy Koreya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ishbilarmon doiralarining ikki yuzdan ortiq vakili ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning ulkan savdo-iqtisodiy salohiyati va eksport imkoniyatlari namoyish etildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sanoat tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida izchil amalga oshirilayotgan ishlar samarasida yurtimiz mahsulotlarining raqobatbardoshligi oshib, tashqi bozordagi o‘rni mustahkamlanib bormoqda.
Koreya Respublikasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmadagi O‘zbekiston stendida mamlakatimiz sanoatining oziq-ovqat, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elektr texnikasi, qurilish materiallari va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, hunarmandlik, ko‘nchilik kabi tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ellikdan ziyod korxonalar mahsulotlari namoyish etildi. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar mamlakatimiz sanoati imkoniyatlari bilan bir qatorda sayyohlik salohiyati bilan ham yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘rgazmada mamlakatimizning eksport salohiyatini keng namoyish etdi.
– Xalqaro ko‘rgazma samarali bo‘ldi, – dedi mazkur jamg‘arma bosh direktori Jahongir Mustafoyev. – Unda Janubiy Koreyaning ko‘plab kompaniyalari va yirik savdo tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi, qator bitimlar imzolandi. Xususan, sharbat konsentrati eksporti bo‘yicha besh million dollarlik shartnoma, shuningdek, farmatsevtika va avtomobilsozlik sohalarida qo‘shma korxonalar tuzish bo‘yicha sarmoyaviy bitimlar imzolandi.
Xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning “GDF” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham xaridorlar e’tibori markazida bo‘ldi. O‘z faoliyatini 2012-yili boshlagan ushbu korxona meva-sabzavotlar eksporti borasida katta yutuqlarga erishmoqda.
– O‘zbekiston mevalari lazzatli ta’mi bilan alohida ajralib turadi, – dedi Janubiy Koreyaning “NK Globalnet” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Shin Kyung Xun. – Kompaniyamiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishga ixtisoslashgan. Ko‘rgazma asnosida “GDF” korxonasi bilan gilos import qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Qishloq xo‘jaligi sohasida katta salohiyatga ega O‘zbekiston jahon bozorini o‘zining yuksak sifatli mahsulotlari bilan keng egallamoqda. Kelgusida mamlakatingizdan boshqa turdagi meva-sabzavotlarni ham import qilishni rejalashtiryapmiz.
Xalqaro ko‘rgazma xorijlik ishbilarmon va investorlarni mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, “Made in Uzbekistan” belgili milliy mahsulotlarimizni tashqi bozorlarga taklif etish, eksport jo‘g‘rofiyasini yanada kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlarining tobora rivojlanib borayotgan hamkorligini yanada mustahkamlash, bu borada yangi imkoniyatlarni kashf etish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Anjuman doirasida logistika, marketing, qadoqlash va turizm yo‘nalishlarida ishbilarmonlar uchun seminarlar o‘tkazildi.