Xalqaro hamkorlik samara bera boshladi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi hududiy delegatsiya vakillari Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyatida bo‘ldi. Mehmonlarga So‘g‘d viloyati raisi Radjabboy Ahmadzoda hamrohlik qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan tantanali kutib olish marosimidan so‘ng tomonlar o‘rtasida o‘zaro yaqin iqtisodiy sherikchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, savdo va tovar ayriboshlash hajmini yanada oshirish, ijtimoiy yo‘nalishdagi hamkorliklarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, har bir hududning turizm va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini jadal rivojlantirish borasida kelishib oldi.

Muloqotlarda har ikki mamlakatda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohot va o‘zgarishlar atroflicha muhokama qilinib, yaqin vaqt oralig‘ida maktab va oliy ta’lim yo‘nalishida o‘zaro yaqin hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi. Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.


Toshkent viloyati delegatsiyasi “So‘g‘d – 2024” savdo yarmarkasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Mazkur yarmarka 10 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Ta’kidlash joizki, joriy yil 18-19 aprel kunlari Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy darajali uchrashuvlarida ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash borasida yangi marralar belgilangan edi.
O‘z navbatida, yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Toshkent viloyati va So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan va 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.


Mazkur sa’y-harakatlar endilikda o‘z mevasini bera boshladi. Xususan, 2016 yilga qadar Toshkent viloyatida bor yo‘g‘i 10 ga yaqin tojikistonlik hamkorlar bilan korxonalar faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib ularning soni 30 tadan oshdi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan Toshkent viloyatining Tojikiston bilan umumiy tovar aylanmasi 128 foizga oshgan. Shuningdek, Tojikistonda ham o‘zbek kapitali ishtirokidagi jami 70 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritib kelmoqda.
Tashrif davomida o‘zbek, tojik tadbirkorlari ishtirokida V2V formatida muloqot o‘tkazildi.
A. Musayev, O‘zA.