Xalqaro hamjamiyatning ishonchi, ragʻbati va eʼtirofi
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan ushbu ulkan yutuqning mazmun-mohiyati, ahamiyati va masʼuliyati haqida suhbatlashdik.
2020-yil 13-oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida Oʻzbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylandi. Mamlakatimiz uchun BMTga aʼzo 191 davlatdan 169 tasi ovoz berdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan ushbu ulkan yutuqning mazmun-mohiyati, ahamiyati va masʼuliyati haqida suhbatlashdik.
– Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylangani, avvalambor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oliy maqsad etib belgilaganidek va oʻzi orzu qilgandek yashashga intilayotgan, Harakatlar strategiyasida koʻrsatib berilgan yorugʻ istaklariga yarasha yangidan-yangi natijalarga erishayotgan yangi Oʻzbekiston qoʻlga kiritgan yana bir olamshumul yutuqdir.
Bu – davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda boʻlishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yana-da mustahkamlashga xizmat qilayotganining yorqin dalilidir.
Bu – Prezidentimiz rahbarligida Oʻzbekistonning mutlaqo yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarni oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhida sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish masalalariga alohida urgʻu berilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilgani hamda qoʻllab-quvvatlanayotganining oʻziga xos ifodasi hamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida taʼkidlaganidek: “Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi Oʻzbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik oʻzgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi”.
Keyingi yillarda aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri tobora oshib bormoqda. Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi.
Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʻzgardi. Majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi. Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi.
BMTning fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban joriy yilning oʻzida 50 ming yurtdoshimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berildi. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik mustahkamlanmoqda.
Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarildi.
Oʻzbekiston soʻnggi yillarda erishgan bu kabi muhim natijalarning barchasi BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi asosiy vazifalari bilan uygʻun va hamohang. Binobarin, mazkur kengashning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targʻib qilish. Shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi jahon boʻylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga koʻrsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur kengashga aʼzo har bir davlat oʻz majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquq va erkinliklari bilan bogʻliq mezonlarga amal qilishda namuna boʻlishi lozim.
Shu maʼnoda, Oʻzbekistonning ana shu yuqori xalqaro organga aʼzolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador saʼy-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qatʼiy bel bogʻlaganidan dalolatdir.
– Bu borada qanday tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi?
– BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga 2021-2023-yillarga saylanishi uchun Oʻzbekiston nomzodini ilgari surish vazifasi davlatimiz rahbari tomonidan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgandi. Shu asosda oʻtgan davrda kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va izchil amalga oshirildi.
Avvalo, mavjud tartib-qoidalarga asosan nomzodlik BMT Bosh Assambleyasi roʻyxatidan oʻtkazildi va diplomatik saʼy-harakatlar boshlab yuborildi.
2019-yil oktyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyutsiyasiga muvofiq, BMTning “Inson huquqlari boʻyicha kengashiga 2021-2023-yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va vaʼdalar" hujjati taqdim etildi. Shuningdek, ushbu vaʼdalarni qisqa tahlil qiluvchi yana 2 ta hujjat tayyorlandi. Mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari kengashida hamda Oʻzbekistonning diplomatik vakolatxonalari orqali aʼzo davlatlar orasida tarqatildi.
Oʻzbekiston taqdim etgan “Ixtiyoriy majburiyatlar va vaʼdalar”da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada bajariladigan vazifalar ham aks etgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda Oʻzbekistonning istiqboldagi majburiyat va rejalari batafsil taqdim qilingan. Ushbu majburiyatlarni 2030-yilgacha boʻlgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Muhimi, bugungi kunga qadar rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilgan.
– Shu haqda batafsilroq toʻxtalish mumkinmi?
– Oʻzbekiston taqdim etgan “Ixtiyoriy majburiyatlar va vaʼdalar” uchta yoʻnalish – xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi bir qator muhim vazifalarni qamraganini alohida taʼkidlash lozim. Avvalo, xalqaro koʻlamdagi vazifalar haqida toʻxtalsak.
Oʻzbekiston BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida jahon miqyosidagi va mintaqaviy masalalarni hal etishda ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda. Bu borada qoʻshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish, BMT bilan oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan va izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimiz BMT Bosh kotibi ilgari surgan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligi: kelajakka nigoh” mavzusida turkum Global munozaralar oʻtkazish tashabbusini toʻla qoʻllab-quvvatladi. Tashabbus doirasida joriy yil milliy va xalqaro hamkorlarimiz bilan uchta global onlayn-munozara tashkil qilindi.
Ushbu munozaralarda BMT va tashkilot tuzilmalari, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti, JSST, YUNESKO, BMTRD, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi, YUNFPA, YUNISEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda Prlamentlararo ittifoqning yuqori lavozimli vakillari ishtirok etdi.
Ilk global munozara “Oʻzbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlidagi hamkorlik” deb nomlandi. Anjuman 2020-yil 26-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Oliy Majlis palatalari hamda BMTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan videokonferensiya shaklida tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev forum ishtirokchilariga murojaatida taʼkidlaganidek: “Oʻzbekiston BMTning Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa xalqaro shartnomalarning maqsad va tamoyillariga sodiq hamda oʻz zimmamizga olgan majburiyatlarimizni ogʻishmasdan bajarib kelmoqdamiz. Bu biz amalga oshirayotgan, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Milliy harakatlar strategiyasining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir”.
Maʼlumki, bundan besh yil avval BMTga aʼzo davlatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini qabul qilgan edi. BMT Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida bugungi koronavirus inqirozi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgani bejiz emas.
Chunki dunyo keyingi 50 yil davomida kuzatilmagan juda yirik tahdid va inqirozga duch kelib turibdi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari insoniyatni himoya qilish va aholi farovonligini oshirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, bu borada yakdillik bilan saʼy-harakat qilish uchun oʻziga xos chaqiriq hisoblanadi.
Oʻzbekiston – BRMga erishishning qatʼiy tarafdori. Mamlakatimizda 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari BRMga toʻla mos tushadi.
2018-yil hukumatimiz tomonidan Barqaror rivojlanish sohasidagi 16 ta Milliy maqsad va shu maqsadlar bilan bogʻliq 2030-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan 127 ta vazifa tasdiqlangan. Ana shu Milliy maqsad va vazifalarni implementatsiya qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” qabul qilingan. Bosh vazir oʻrinbosari boshchiligidagi Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan.
Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha Milliy indikatorlar muvaffaqiyat bilan amalda tatbiq etilmoqda. Davlatimiz BRMga erishish boʻyicha birinchi Ixtiyoriy milliy sharhni keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazib, BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashiga taqdim etdi. Quvonarlisi, xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda 2030-yilgacha boʻlgan davrda BRM Kun tartibi ijrosiga ijobiy munosabat bildirmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizning pandemiyadan keyin Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, madaniy merosning BRMga erishishdagi roli va hissasi, barqaror ijtimoiy rivojlanishni taʼminlash maqsadida barcha uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berish zarurligi toʻgʻrisidagi nuqtayi nazari yuqori baholanayotgani diqqatga sazovor.
Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi doirasidagi oʻzaro hurmat va muloqot tamoyillariga tayanadigan hamda siyosatlashtirish, ikki xil standart va noxolis tanlov boʻyicha yondashish kabi holatlardan xoli boʻlgan koʻp tomonlama hamkorlikni ragʻbatlantirish ishiga hissa qoʻshib kelmoqda.
Jumladan, mamlakatimiz delegatsiyasi 2019-yil sentyabr oyida Jenevada (Shveysariya) boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 42-sessiyasida ishtirok etganini qayd etish maqsadga muvofiq.
– Oʻzbekiston Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlish uchun zimmasiga olgan “Ixtiyoriy majburiyatlar va vaʼdalar”da koʻzda tutilgan mintaqaviy va milliy koʻlamdagi tadbirlar qanday bajarilmoqda?
– Shu yil 12-13-avgust kunlari boʻlib oʻtgan yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun sayyoramiz yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlik muhimligini alohida taʼkidlashga qaratilgani bilan gʻoyat ahamiyatli.
Xalqaro anjumanda “Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Hujjatda, jumladan, yoshlar huquqlari – har kim uchun zarur boʻlgan, ammo ayrimlar yoshi kichikligi tufayli ayni imkoniyatlardan foydalanishdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan.
Yaqinda Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Shuningdek, u YEXHT Doimiy kengashi va Islom hamkorlik tashkilotining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgani bejiz emas. Zero, Samarqand rezolyutsiyasi hozirgi zamon davlatlarining rivojlanishi bilan bogʻliq barcha jarayonlarga yoshlarni yana-da keng jalb etish zarurligini har tomonlama tasdiqlashga xizmat qiladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va BMTning inson huquqlari sohasidagi hamkorligi doirasida keyingi 4 yilda oʻtgan 75 yil davomida erishilmagan nihoyatda muhim va yuksak natijalar qoʻlga kiritildi.
Birgina misol: 1993-yil 25-iyun kuni Vena shahrida (Avstriya) BMT shafeligida boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha umumjahon konferensiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida har bir davlat inson huquqlarini himoya qilish uchun milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi tavsiya qilingan.
Oradan 27 yil oʻtib, davlatimiz rahbarining 2020-yil 22-iyundagi farmoni bilan yurtimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqdagi maʼlumotlar BMTning oltita rasmiy tilida nashr etildi va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
Milliy strategiyani tasdiqlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar BMTning Rasmiy hujjatlar tizimiga ham joylashtirildi. Natijada dunyo jamoatchiligi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matni bilan tanishishi uchun qulay imkoniyat yuzaga keldi.
Milliy strategiya doirasida 53 ta meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmui ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan 2020-yil 10-sentyabr holatidagi monitoring “Yoʻl xaritasi”ning jami 78 bandidan 17 tasi boʻyicha ijro muddati yakunlangani, 7 ta band boʻyicha ishlar oʻz muddatida bajarilganini koʻrsatdi. Ayniqsa, 2 ta bandda belgilangan vazifalar muddatidan oldin ado etilgani eʼtiborli.
Soʻnggi yillarda Oliy Majlis tomonidan ijtimoiy sohada “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”, “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”, “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”, “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida” singari jami 30 dan ziyod qonun qabul qilindi. 10 dan ortiq xalqaro shartnoma, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining 4 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.
Kambagʻallikka barham berish, aholi sogʻligʻini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish, ekologiya muammolariga yechim topish, gender tenglikni taʼminlash kabi muhim sohalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, yangi tuzilgan Gender tenglikni taʼminlash boʻyicha komissiya va Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash faoliyatida parlament aʼzolari ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz hayotining boshqa sohalari qatori sud-huquq tizimida amalga oshirilgan shiddatli islohotlar amaliy natijasini bermoqda. Ushbu yoʻnalishda yangi qabul qilingan qonunlar, joriy etilayotgan taʼsirchan mexanizmlar, tobora koʻpayib borayotgan oqlov hukmlari yurtdoshlarimizda adolat va kelajakka ishonchni yana-da mustahkamlamoqda.
Sud-huquq sohasida erishilayotgan natijalar xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari, shuningdek, AQSH Davlat departamenti oʻz hisobotlarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli oʻzgarishlar, xususan, diniy eʼtiqod erkinligini taʼminlash va odam savdosiga barham berish borasidagi islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi.
Joriy yil mazkur sohada qoʻlga kiritilgan yutuqlar haqida soʻz borganda, avvalambor, BMTning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari toʻgʻrisidagi maʼruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etganini alohida taʼkidlash lozim. Ushbu maʼruzada Oʻzbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar alohida taʼkidlangan.
BMT maxsus maʼruzachisi Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning oʻz kasbiy faoliyatini yana-da erkin bajarishini taʼminlashga qaratilgan islohotning koʻplab amaliy natijalarini birma-bir sanab oʻtgani eʼtiborga sazovor.
– BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi qanday organ va kengashga aʼzolik saylovi qay tarzda boʻlib oʻtadi?
– BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi BMT Bosh Assambleyasi organi boʻlib, 2006-yilda tashkil etilgan. Kengash oʻz majlislarini muntazam, yiliga kamida uch marta oʻtkazadi.
Ushbu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va anjuman ishi oʻn hafta davom etadi. Kengash aʼzolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bogʻliq tashvishli ahvolni oʻrganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. Bosh Assambleyaning 60/251-rezolyutsiyasi 7-bandiga muvofiq, “Kengash tarkibidagi 47 aʼzo davlatning har biri Bosh Assambleyaning koʻpchilik aʼzosi tomonidan bevosita yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi”.
BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzolik uchun besh mintaqadan davlatlar tanlanadi. Yaʼni, Osiyo-Tinch okeani, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 13 aʼzo, Afrikadan – 13 aʼzo, Sharqiy Yevropadan – 6 aʼzo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 8 aʼzo, Gʻarbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSH, Kanada va Isroil davlatlari orasidan – 7 aʼzo uch yil muddatga saylanadi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi delegatlari kuni kecha BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga 15 aʼzo davlatni sayladi. Bular –Oʻzbekiston, Buyuk Britaniya, Boliviya, Xitoy, Gabon, Kot-dʻIvuar, Kuba, Malavi, Fransiya, Pokiston, Meksika, Nepal, Rossiya, Senegal va Ukraina.
Bu galgi saylovda boʻshab qolgan 15 aʼzolik oʻrniga Osiyo-Tinch okeani, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan – 4, Afrikadan – 4, Sharqiy Yevropadan – 2, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan – 3 aʼzo hamda Gʻarbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AQSH, Kanada va Isroildan – 2 aʼzo saylandi.
Eʼtiborlisi, BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi doirasidagi mamlakatimiz ilk bor ishtirok etgan ushbu saylovda Oʻzbekiston uchun BMTga aʼzo 191 davlatdan eng koʻpchiligi – 169 tasi ovoz berdi. Osiyo guruhidan Pokiston ham 169 ovoz toʻpladi. Shuningdek, Nepal – 150, Xitoy – 139, Saudiya Arabistoni – 90 ta ovoz oldi. Kengashga saylangan yangi aʼzolarning vakolati 2021-yil 1-yanvardan boshlanadi.
Oʻzbekistonning Inson huquqlari boʻyicha kengash aʼzosi boʻlishidan koʻzlagan maqsadi ezgu va xolis. Biz mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor boʻlishi, insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari har tomonlama taʼminlanishi, himoya qilinishi va ragʻbatlantirilishi tarafdorimiz.