Shu kunlarda Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘ida an’anaviy xalqaro “Gul festivali”ga tayyorgarlik avjida.
May oyining 23-31 sanasida o‘tkaziladigan ushbu gullar bayramining joriy yilda 60 yillik yubileyi nishonlanadi.
Festival 2018 yilda xalqaro maqomini olgan bo‘lib, har yili ushbu bayramga viloyatda katta taraddud ko‘riladi. Bu yilgi bayramga ham tayyorgarlik doirasida minglab gulchilar, yuzlab me’mor va landshaft-dizaynerlari badiiy kompozitsiyalar yaratish ustida mehnat qilmoqda.
[gallery-2426]
Gul shaydolari va shaharga kelgan mehmonlar uchun qulaylik yaratish maqsadida “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Namangan filiali tomonidan bog‘da Wi-Fi hududlar tashkil etildi.
Gullar paradida barcha xohlovchilar avtomobillarini gul bilan bezatgan holda qatnashishi mumkin. Shuningdek, festival kuni shaharda Yoshlar xiyoboni ochiladi. Ayni paytda hudud turli xildagi gul kompozitsiyalari bilan o‘zgacha chiroy ochmoqda.
Festivalda Namanganga 300 ming mehmon tashrif buyurishi kutilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA