Xalqaro ekspert markaz faoliyati bilan qiziqdi
Toshkent viloyati Yangiyo‘l Tomorqachilikni rivojlantirish markaziga FAOning xavfli kimyoviy moddalar bilan oqilona ishlash sohasida maslahatchi, xalqaro ekspert Suzanne Kerestes tashrif buyurib, markaz faoliyati bilan tanishdi.
Markazda tashkil etilgan bog‘, ko‘chatzor, tokzor, issiqxona va turli xildagi gulu sabzavotlar yetishtirilayotgan maydonlarni ko‘zdan kechirdi. Ekin maydonlari chetiga ekilgan rayhonlar mehmon uchun yangilik bo‘ldi.
So‘ngra, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi markaziy apparati binosida seminar tashkil etildi. Unda FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko‘magi asosida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari tomonidan yuritilayotgan “O‘zbekistonda xavfli kimyoviy moddalardan oqilona foydalanish” loyihasi doirasida ishchi guruh bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ushbu qo‘shma loyiha doirasida ekologik tozalikni yaxshilashga qaratilgan xavfli kimyoviy moddalar va ulardan kelib chiqadigan chiqindilarni oqilona boshqarish, yo‘q qilish hamda xavflarni kamaytirish maqsadida eskirgan tovar-moddiy zaxiralarni to‘plash va xavfli pestitsidlarni kamaytirishga qaratilgan choralarini ko‘rish masalalari tahlil qilindi.
Tegishli masala yuzasidan mutaxassislar va ekspertlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuvga erishildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri