Xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi
Yurtimizda o‘tkaziladigan Butunjahon yoshlar festivali doirasida Samarqandda xalqaro yoshlar eko-oromgohi loyihasi ish boshladi.
“Zamin” xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, YUNICYeF, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligida o‘tkazilayotgan loyihada Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hamda Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyadan kelgan 60 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning rolini oshirish, yosh ekofaollarga o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatini berish, hududlararo yoshlar ekologik harakatining integratsiyalashuviga ko‘maklashishdan iborat, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutaxassisi Dilmurod Yo‘ldoshev. – Bu loyiha ikkinchi bor tashkil etilmoqda. 2023 yildagi eko-oromgoh davomida ekologik muammolarga bag‘ishlangan mintaqaviy strategiya ishlab chiqilgan edi. Joriy yilgi dasturimizda ushbu strategiyani Turkiy davlatlar tashkiloti vakillari Ozarbayjon, Vengriya va Turkiya mamlakatlaridan safimizga qo‘shilgan faollar orqali butun dunyoga olib chiqish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, joriy loyihada ikkita yo‘nalishga muhim ahamiyat qaratilmoqda. Bular – iqlim o‘zgarishlarga qarshi kurashishda xalqaro ekovolontyorlarni tayyorlash va yoshlar muloqoti uchun xalqaro platforma tashkil qilishdan iborat. Maqsadimiz yoshlar o‘rtasida iqlim o‘zgarishlarining oldini olishga qaratilgan harakatlarni rivojlantirish, ularning bu haqdagi bilimlarini oshirish orqali ekologik muammolarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, xalqaro doirada ushbu masalada o‘zaro fikrlashish uchun platforma tashkil qilishdir.
[gallery-17967]
Eko-oromgoh loyihasida seminarlar, xalqaro ekspertlar bilan iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq kun tartibidagi dolzarb mavzular bo‘yicha munozaralar o‘tkazish, shuningdek, “COR-29” ko‘rgazmasida mamlakatlar taqdim etishni rejalashtirayotgan loyihalarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ularda yosh eko-rahbarlar ishtirok etishi masalalari qamrab olinadi.
Bugun ishtirokchilar faol guruh mashg‘ulotlari, mahorat darslari va ekologik loyihalar muhokamasi o‘rin olgan dasturlarda ishtirok etdi.
Tadbir dasturiga muvofiq, mehmonlar Samarqandning tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, boy madaniyatimiz bilan yaqindan tanishdi.
Eko-oromgoh 30 iyunga qadar davom etadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari