Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. Fransiyaning Falastinni tan olishi haqida Makron sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan BMT Bosh assambleyasi sessiyasida rasman e’lon qilinishini aytgan. Bu bilan Fransiya G7 davlatlari ichida Falastin davlatchiligini tan olgan birinchi mamlakat bo‘ladi.
Isroil va AQSH delegatsiyasi Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tayotgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarini tark etdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Vashington tark etish qarorini XAMASning “yaxshi niyatda harakat qilmayotgani” bilan izohladi. “Biz XAMASning G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga erishish istagi yo‘qligiga amin bo‘ldik. Shundan so‘ng jamoamizni Dohadan uyga qaytarib olib ketishga qaror qildik”, dedi AQSHning maxsus elchisi o‘z bayonotida.
SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmati 2,5 soat davom etgan uzilish sabab butun dunyo bo‘ylab o‘z foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsata olmadi. Kompaniya buni ichki dasturiy xizmatdagi nosozlik bilan izohladi. Starlink dunyo bo‘ylab 140 dan ortiq mamlakatda istiqomat qiluvchi 6 milliondan ziyod foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadigan internet tarmog‘idir. U payshanbadan jumaga o‘tar kechasi kuni global uzilishlarga duch keldi. Natijada millionlab insonlar taxminan ikki yarim soat davomida uning xizmatlaridan foydalana olmadi. Bu ayniqsa, Ukraina armiyasi jangovar imkoniyatlariga salbiy ta’sir qildi.
Ukraina Qo‘shma Shtatlardan 322 million dollarlik qurol-yarog‘ sotib oladi. AQSH davlat departamenti tomonidan 23 iyul kuni tasdiqlangan paket havo hujumidan mudofaa va quruqlik texnikalarni o‘z ichiga oladi. Bu haqda AP News xabar berdi. AQSH Kongressiga yuborilgan xabarnoma matniga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan zirhli texnikalarni sotib olish, texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun 150 million dollar, zenit-raketa tizimlari uchun esa 172 million dollar ajratilgan. Umumiy olganda, paketning qiymati 322 million dollarni tashkil etadi.
Rossiyada tug‘ilish darajasi so‘nggi ikki asrdagi minimumga tushdi. Rasmiylar muammoni bartaraf etish uchun qator radikal choralarni ilgari surmoqda. “Demografik maxsus kuchlar” bo‘linmasini tuzish, bo‘ydoq erkaklarni frontga yuborish kabilar shular jumlasidan. Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenkoning ma’lum qilishicha, endilikda har bir hududda “demografiya uchun mas’ul rahbar” bo‘ladi. Ular “oilaviy qadriyatlarni ustuvor qilish bo‘yicha davlat siyosati”ga javob beradi.
AQSH davlat departamenti Misr hukumatiga umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollar bo‘lgan “yer-havo” raketa tizimlarini sotishga rozilik berdi. Bu haqda Pentagonga tayanib Al-Jazeera ma’lum qildi. Xabar qilinishicha, Qohira bitim doirasida NASAMS havo mudofaa tizimlari, jumladan, to‘rtta radar kompleksi, yuzlab raketalar va uchirish qurilmalarini oladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/lhPXoUGPRdQ?si=tSW8DeNtkHNFGfuz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA