AQSHning Vashington shtati politsiyasi maktabda otishma uyushtirmoqchi bo‘lganlikda gumon qilib, 13 yoshli o‘smirni qo‘lga oldi. Uning uyidan 23 dona o‘qotar qurol va katta miqdorda o‘q-dorilar topildi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi. Tergovchilarning ta’kidlashicha, bola maktab otishmalariga juda qiziqqan va ijtimoiy tarmoqlarda tahdidli postlar joylashtirgan. Hozirda o‘smirga 5 ta modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, shulardan 4 tasi og‘ir jinoyat sifatida belgilangan. Bola ayblarni inkor etmoqda. Xavfsizlik maqsadlarida uning ismi oshkor qilinmagan, sud hujjatlari maxfiy saqlanmoqda.
Qozog‘iston Koreyadagi fuqarolarining mamlakatda bo‘lishini nazorat qilish uchun politsiya attashesini tayinladi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining migratsiya qo‘mitasiga tayanib, “Tengrinews” xabar berdi. Uning asosiy vazifasi Qozog‘iston fuqarolarining mamlakatda bo‘lishini nazorat qilish, shu jumladan noqonuniy migratsiya va noqonuniy mehnat faoliyatini aniqlash bo‘ladi. Barcha qoidabuzarliklar qayd etilib, ikki mamlakatning vakolatli organlariga yetkaziladi.
Polsha havo hududi 10 sentyabr kuni noma’lum dronlar tomonidan buzib kirildi. Hozirda ushbu obektlarni zararlantirish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi. Taxminlarga ko‘ra, bu ob’ektlar Rossiya kuchlarining Ukraina g‘arbiy hududlariga uyushtirgan hujumlari bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Hodisa sabab Chopin, Modlin, Jashonka (Rjeshuv) va Lyublin aeroportlarida barcha parvozlar bekor qilingan. Rasmiy bayonotda aytilishicha, ayrim dronlar urib tushirilgan. Qurolli kuchlar eng yuqori jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqini Xitoy va Hindistonga 100 foizgacha boj tariflari joriy etishga chaqirdi. Bu haqda BBC xabar berdi. Tramp bu chorani Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainadagi urushni to‘xtatishga majburlash vositasi sifatida taklif etmoqda. Mazkur talab 9 sentyabr kuni AQSH va EI rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida bildirilgan.
Isroil 9 sentyabr kuni Doha shahridagi turar joy hududiga aviahujumlar uyushtirdi va bu orqali HAMAS rahbariyatini nishonga olganini e’lon qildi. Qatar aviazarbalar uchun yahudiy davlatiga javob qaytarishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi. HAMAS yetakchilari Dohada prezident Donald Trampning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifini muhokama qilayotganida hujumga uchragan. Ular aviazarbalar oqibatida omon qolgan. Biroq ular bilan birga yana olti kishi, jumladan, bir nafar Qatar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan. Doha bu hujumni “terroristik akt” deb atagan. Shu sababli javob qaytarishini va hujum “e’tibordan chetda qolmasligini” bildirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SSUupCtA4hQ" title="Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA