Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myonning yarashishga qaratilgan sa’y-harakatlarini rad etdi. Bu haqda Shimoliy Koreya davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib Al Jazeera xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Kim Yo Chjon Janubiy Koreyaning chegarada tashviqot eshittirishlarini to‘xtatish qarorini “ilgari qilmaslik kerak bo‘lgan ishni vaqtincha bekor qilish” deya izohlagan.
Turkiyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan to‘rtinchi yirik shahri — Bursa o‘rmon yong‘inlari qurshovida qoldi. Hududda yuz bergan yong‘inlar oqibatida kamida 1 700 dan ortiq aholi xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi, bir nafar o‘t o‘chirish xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. Bursa hokimligiga ko‘ra, 28 iyul kuni 1 765 nafar odam xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Yong‘inlarga qarshi kurashda 1 900 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 500 nafar qutqaruvchi jalb etilgan.
Germaniyaning Ridlingen shaharchasi yaqinida 27 iyul kuni yo‘lovchi poyezd relsdan chiqib ketdi. Oqibatda 3 kishi halok bo‘lib, yana bir necha yo‘lovchi og‘ir jarohat oldi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib BBC xabar berdi. Ayon bo‘lishicha, halokat 27 iyul kuni kechki payt Shtutgart yaqinidagi Ridlingen shaharchasi hududida sodir bo‘lgan. Voqea sababiga hali aniqlik kiritilmagan, ammo halokat oldidan hududda kuchli bo‘ron kuzatilgani aytilmoqda.
Janubiy Koreyada yashayotgan xorijliklar soni 2025 yil iyun oyida rekord ko‘rsatkich — 2,73 millionga yetdi. Ularning uchdan bir qismini xitoyliklar tashkil qilmoqda. Bu haqda Anadolu xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi oxiriga kelib mamlakatda 1,56 million nafar ro‘yxatdan o‘tgan xorijlik, shuningdek, 552 419 nafar xorij fuqaroligiga ega koreys millatiga mansub shaxslar bo‘lgan. Bundan tashqari, 620 mingdan ortiq odam Janubiy Koreyada qisqa muddatli — asosan sayyohlik vizasi bilan vaqtincha yashamoqda.
Serbiya Markaziy banki mamlakatga tegishli barcha oltin zaxiralarini o‘z hududiga qaytarishni rejalashtirmoqda. Bu qaror global inqirozlar fonida zaxiralarni xavfsiz saqlash maqsadida qabul qilindi. Bu haqda EuroAsia Daily xabar berdi. Serbiya oltin zaxiralarini qaytarish ishlarini 2021 yilda, global beqarorlik kuchaygan paytda boshlagandi.
Tailand va Kambodja o‘tgan haftada boshlangan mojaroga chek qo‘yish uchun dushanba kuni Malayziyada muzokaralar boshlashga kelishib oldi. 24 iyul kuni chegarada harbiy harakatlar boshlanganidan beri kamida 33 nafar askar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, ikki tomondan 200 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
«Aeroflot» axborot tizimlarida yirik nosozlik ro‘y berdi. Bunga xakerlar hujumi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Aviakompaniya reyslar qoldirilishi yoki bekor qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi.
«Aeroflot»ning ma’lum qilishicha, axborot tizimidagi nosozlik tufayli Moskvadan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 49 ta reys bekor qilingan. Moskvaning Sheremetevo aeroportida ulkan navbatlar yuzaga kelgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/y5bbDdjJzRM" title="XALQARO DAYJEST" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA