Chechenistondan Ukrainadagi urushda ishtirok etish uchun 60 344 nafar jangchi yuborilgan. Bu haqda respublika rahbari Ramzan Qodirov ma’lum qildi. Urushga yuborilganlarning 22 064 nafari ko‘ngillilardir, ayni paytda jangovar harakatlar zonasida 13 ming jangchi bor. Qodirov 7 may kuni Rossiya prezidenti bilan uchrashuvda urush boshlanganidan beri Chechenistondan 55,5 ming jangchi, jumladan, 21,6 ming ko‘ngilli yuborilganini aytgandi.
AQSH prezidenti Donald Tramp milliarder Ilon Maskning yangi “Amerika” partiyasini “ahmoqona” deya baholadi. Bu haqda BBC xabar berdi. Tramp mamlakatda uchinchi partiyaga asos solish “chalkashlik”ni yanada kuchaytirishini ta’kidladi.
“Uchinchi partiyaga asos solish ahmoqona fikr, deb o‘ylayman. Doimo ikki partiyaviy tizim amal qilgan. Menimcha, uchinchi partiyani tuzish chalkashlikni yanada kuchaytiradi”, dedi Tramp.
Arxeologlar Peru shimolidagi Barranka provinsiyasida 3,5 ming yillik qadimiy shahar qoldiqlarini topdi. Shahar nomi Peñico deb atalgan. U Tinch okeanining sohil bo‘yi aholisini And tog‘lari va Amazonka havzasida yashovchilar bilan bog‘laydigan asosiy savdo markazi bo‘lgan.
Shimoliy koreyalik erkak dunyodagi eng xavfli chegaralardan birini kesib, Janubiy Koreyaga qochib o‘tdi. Qurolsiz bo‘lgan noma’lum erkak kuchli qurollangan demilitarizatsiya zonasini kesib o‘tgan. Janubiy Koreya harbiylari uni chegaraning markaziy-g‘arbiy qismi yaqinida ta’qib qilgan. Shundan so‘ng erkak hududdan xavfsiz o‘tishi uchun unga ko‘rsatmalar berilgan. Keyin esa u hibsga olingan.
Polsha 7 iyuldan boshlab Germaniya bilan chegara hududida doimiy chegara nazoratini joriy etdi. Tegishli chora kamida 5 avgustga qadar amal qiladi. Hozirda 52 ta nazorat-o‘tkazish punktida tanlab tekshirish o‘tkazilmoqda. Polsha yaqin orada Litva bilan chegarada ham shunday choralarni qo‘llamoqchi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/SJdp7NBFtfk" title="Polsha Germaniya bilan chegaradagi nazoratni kuchaytirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA